Yakunlangan haftaning dam olish kuni odatdagidek Yevropa futboli bilan emas, ko‘proq o‘zbek futbolidagi voqealar bilan yodda qoldi. Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi finali doirasidagi «Paxtakor» va «Nasaf» to‘qnashuvi mamlakatimizda 2021 yilgi futbol mavsumiga rasman yakun yasab berdi. Shubhasiz, ko‘hna shahardagi final o‘zbek futboli tarixida o‘yin jihatdan ham, tashkiliy va muxlislar e'tibori bilan ham eng zo‘r o‘tgan bahsga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tribuna.uz ikki shaharda uch kun haqiqiy bayramona muhitga sabab bo‘lgan finalning maydon tashqarisidagi voqealaridan reportaj tayyorladi.
Final nega yana Samarqandda o‘tkazildi?
O‘zbekiston kubogi finali tarixda uchinchi marta Samarqandda o‘tkazildi. Ushbu musobaqa tarixidagi ilk final 1992 yilda aynan ko‘hna kentda o‘tkazilgan bo‘lsa, 2016 yilgi hal qiluvchi bahs va hozircha so‘nggisi bo‘lgan bu yilgi final ham «Dinamo» o‘yingohida o‘tkazildi. Joriy mavsumning dastlabki rasmiy o‘yini – O‘zbekiston Superkubogi doirasidagi «Paxtakor» - «Nasaf» (1:0) uchrashuvi ham ko‘hna shaharda o‘tkazilgani sababli, mavsumning oxirgi rasmiy o‘yini bo‘lmish kubok finali ham Samarqandga topshirilgani ko‘pchilikka savol tug‘dirishi tabiiy edi.

Gap shundaki, final mezbonligi kubok guruh bosqichiga qur'a tashlash oldidan qur'a orqali aniqlangandi. O‘shanda OKMK, «Bunyodkor», «Paxtakor», «Lokomotiv», «Surxon» va «Dinamo» klublari O‘zbekiston kubogi-2021 finaliga mezbonlik qilish bo‘yicha ariza topshirgan va qur'adan keyin final Samarqandda o‘tishi oydinlashgandi. Finalga «Paxtakor» va «Nasaf» yo‘l olgach, Toshkent va qashqadaryolik muxlislar uchun masofa jihatdan ham Samarqand eng qulay neytral o‘yingoh bo‘lishi aniq edi.
Finaldan bir kun oldin boshlangan bayram
Tan olish lozim, muxlislar va jurnalistlar tomonidan juda ko‘p tanqidlarga uchraydigan futbolimizdagi ikki tashkilot – O‘FA va PFL O‘zbekiston kubogi finalini yuqori darajada tashkil etdi. Umuman olganda, 2021 yilda o‘tkazilgan qator turnirlarni yuqori darajada o‘tkazgan PFL va O‘FAning Samarqand finalidagi tashkiliy ishi «tort ustidagi olcha» misoli bo‘ldi.
























