O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining o‘rni albatta, beqiyos. Partiya dasturidan joy olgan qonun ijodkorligi yo‘nalishi va fraksiya a’zolari tomonidan elektorat manfaatlaridan kelib chiqib yangi qonunlar tashabbusini ilgari surishda fraksiya alohida o‘rin tutadi.

Qayd etish kerak, fraksiya – siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlar tomonidan siyosiy partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalaydigan mexanizmdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiya tomonidan joylarda tizimli muammolarni hal etish, Prezident Farmon va qarorlarining ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni parlament nazorati ta’sirchan mexanizmlaridan samarali foydalangan holda nazorat qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davr davomida Qonunchilik palatasi tomonidan 4 ta hukumat soati o‘tkazilgan bo‘lsa, ulardan 2 tasi, 7 ta parlament so‘rovidan 2 tasi, 5 ta parlament eshituvidan 1 tasi O‘zbekiston XDP fraksiyasining tashabbusi bilan amalga oshirilganini alohida ta’kidlash joiz.

Birgina misol. Joriy yilning 25 mart kuni fraksiyaning tashabbusi asosida Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga “Fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi Parlament so‘rovi yuborildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning “Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinovning “Aholini ish bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasining shakllantirilishi hamda uning bajarilishi borasidagi ishlar to‘g‘risida”gi axboroti Hukumat soatida eshitildi.

Shuning bilan birga, partiya tashabbusi bilan Parlament eshituvida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev hamda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan aholini koronavirusga qarshi emlash borasida rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotlari eshitildi.