Ijtimoiy tarmoqlarda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma (“texpasport”) yo‘qligi sabab fuqarolar ovora bo‘layotgani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Unda aytilishicha, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga tegishli Toshkentdagi bo‘limlarga borgan avtomobil sotib olganlar avtomashinani qayd etish guvohnomasi yo‘qligi sabab sarson bo‘lishgan.
Xabar muallifi ichki ishlar vaziriga murojaat qilib, holat uchun bosh boshqarma rahbarlari uzr so‘rashi kerakligini yozgan.
YHXBB masalaga izoh berib, chindan ham shunday holat bo‘lgani, hozirda uzilishlarga barham berilganini ma'lum qildi va avtomashina egalaridan uzr so‘radi.
Boshqarmaga ko‘ra, plastik shakldagi guvohnomalar hukumat qarori bilan 2017 yil 1 oktyabrdan joriy etilgan va dastlab har oy 60 mingdan 70 mingtagacha berilgan.
Biroq 2021 yil 31 dekabrgacha guvohnomalarni almashtirish zarurligi belgilangani uchun oxirgi oylarda “texpasport”larni qayta rasmiylashtirish bo‘yicha murojaatlar soni keskin ortib ketgan. Natijada bir oyda berilayotgan guvohnomalarning umumiy soni 140 mingni tashkil etmoqda.
“Ta'kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 noyabrdagi 690-sonli qarori talablariga asosan, guvohnomalarni almashtirish muddati uzaytirildi. Guvohnomalarni almashtirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilandi (birinchi bosqich – 2022 yil 31 martgacha, ikkinchi bosqich – 2022 yil 30 iyungacha, uchinchi bosqich – 2022 yil 30 sentyabrgacha, to‘rtinchi bosqich – 2022 yil 31 dekabrgacha).
Shu bilan bir qatorda, oxirgi oylarda murojaatlar soni oldingi oylarga nisbatan salkam ikki baravar oshishi oqibatida guvohnomalarni berishda ayrim uzilishlar yuzaga kelmoqda. Mazkur kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan guvohnomalar uchun buyurtmalar soni ko‘paytirilib, hududlarga tarqatildi va mazkur uzilishlarga barham berildi.
Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi avtomototransport vositalari egalaridan uzr so‘raydi”, – deyiladi YHXBB izohida.
Eslatib o‘tamiz, milliy haydovchilik guvohnomasi va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomani almashtirishning yangi muddatlari quyidagicha:
















