O‘zbekiston | 12:28 / 11.12.2021
34878
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari vazirga o‘rinbosar bo‘ldi

Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Suv xo‘jaligi vazirligiga ishga o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti qarori bilan Dilshodjon Akmaldinovich Hojiahmedov O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari – Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligi bosh direktori lavozimiga tayinlandi. 

 

Dilshodjon Hojiahmedov 2017 yildan buyon Farg‘ona viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida  ishlab kelayotgan edi.

O‘zA xabariga ko‘ra, unga vazirlik markaziy apparatining Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boshqarmasi, Suv xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish bo‘limi, shuningdek, Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va bevosita boshqarish vazifalari yuklatilgan. Shuningdek, suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tizimli monitoring yuritish, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini ta'minlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish kabi vazifalar yuklatilgan.

D.Hojiahmedov 1975 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan, mutaxassisligi muhandis-quruvchi. Mehnat faoliyatini 1993 yilda Rishton qurilish boshqarmasi 2-toifali betonchisi lavozimida boshlab, 1995–2001 yillarda “Farg‘onasuvqurilish” boshqarmasiga qarashli 1-sonli qurilish montaj korxonasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2001–2017 yillarda Farg‘ona viloyatidagi qurilish tashkilotlarida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Mavzuga oid