2021 yilda Inha universitetida doktorantura bosqichini tamomlagan iqtisodchi Valijon To‘raqulov «Osmondagi bolalar» loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. U suhbat davomida kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otish, bolalarni yoshligidan ilmga qiziqtirish, ta'limni xususiylashtirish, Janubiy Koreya va O‘zbekiston ta'lim tizimini qiyoslash, O‘zbekiston JSTga kirsa, qanday o‘zgarishlar bo‘lishi hamda jamiyatni qiynaydigan turli mavzularda to‘xtalib o‘tdi.

Faoliyatning boshlanishi...

— 2015 yildan men uchun yangi hayot boshlandi, ham uylandim, ham doktorantura bosqichini boshladim. Doim bir shaharda yashab yurganman va o‘sha yildan turmush tarzim tubdan yangilandi. Ya'ni yangi oila, yangi shahar, yangi universitet. 2015 yilda doktorantura bosqichini boshlagan bo‘lsam, 2021 yil boshlarida o‘qishni bitirib, sentyabr oylarida vatanga qaytdim va hozirda AKFA universitetida ishlayapman.

Men Xalqaro savdo bo‘yicha iqtisodchiman, ya'ni «Xalqaro savdo iqtisodchisi»man. Doktorlik ishim mavzusi – «Markaziy Osiyo davlatlaridagi savdo xarajatlari va o‘sha xarajatlarni qanday qilib tushirish» bo‘lgan. Bu mavzu bo‘yicha juda ko‘p joylarda ma'ruza qildim, xalqaro jurnallarda maqolalar nashr etdik va xudoga shukr, o‘qishni bitirib oldik.

— Koreyadan 100 kg kitob bilan kelgan ekansiz? Umuman olganda, ana shu kitoblarni o‘qishdan nima manfaat bor deb o‘ylaysiz?

— Kitob — bu ilm manbayi. Bilasizki, darajalar bor. Birinchi, axborot, keyin ilm va oxiri hikmat turadi. Men bu savol uchun ikki fikr bildirmoqchiman.

Birinchisi – ilmni faqat kitob beradi. Kitob orqali ilm olaverasiz va oxir-oqibat hikmat darajasiga chiqasiz. Kompyuter yoki televideniye sizga yo ma'lumot beradi, yo axborot beradi. Axborot texnologiyalari – bu ilm manbayi emas. Bu narsalar tartibli bo‘lishga va bir mavzuni to‘liq o‘rganishga yo‘l qo‘yib bermaydi.

Ikkinchisi – kitoblarni kamida 30-40 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlar yozadi. Odam muvaffaqiyatga erishish uchun kimlardir qilgan xatolarni qilishi shart emas, ya'ni o‘sha xatolarni, kamchiliklarni allaqachon yozib qo‘yganlar bor. Badiiy yoki ilmiy kitob bo‘ladimi, kitob yozayotgan muallifning xayolidagi fikrlar yoziladi. Yozuvchining xato va kamchiliklari, yutuqlari o‘sha kitobda mujassam bo‘ladi va siz juda ham ko‘p ilm olasiz.