«Tik Tok’ da ham sahifamiz bor»

Shohrux G‘iyosov matbuot anjumani boshida ichki ishlar vazirligi yildan yilga OAV va fuqarolar uchun ochilib borayotganini aytib, ayni damda vazirlik qaysi tarmoqlarda o‘z ishlari haqida ma'lumot berib borayotganini sanadi.

«Hozir IIV qoshida 24 ta internet sayt ishlamoqda. Viloyat IIBlar sayti, tergov departamentining sayti va boshqalar shular jumlasidandir. Vazirlik sayti ham yangilandi, chunki bugungi ochiqlik siyosati davrida boshqacha ishlab bo‘lmaydi. Barcha ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z sahifamizni ochganmiz. YouTube'da MDH davlatlari orasida bizning o‘quvchilar soni eng ko‘p (70 mingdan ortiq). Umumiy kuzatuvchilarimiz soni 3 milliondan oshdi.

Hatto Tik Tok’da ham o‘z sahifamizni ochdik, chunki yoshlarga Tik Tok formatidagi videolar berib borishimiz kerak. Qator telekanallarda biz bilan hamkorlikda ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda. Avval televideniyeda berilgan narsani tarqatish bilan kifoyalangan bo‘lsak, hozir o‘zimiz tayyorlayapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, bugun biz ham axborot tayyorlab, uni tarqatishga odatlandik», dedi G‘iyosov.

«Jurnalistlar bilan muammo yo‘q, ammo blogerlar bilan...»

IIV rasmiysi vazirlik va uning tarkibidagi boshqarmalar OAV vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari bilan ishlashga tayyorligi, har qanday ma'lumot uchun munosabat bildirishga harakat qilinishini aytdi. G‘iyosov ba'zi holatlarda ichki ishlar tizimidan munosabat olmay xabarlar tarqatilishi oqibatida tushunmovchiliklar yuzaga kelayotganini ta'kidladi.

«Biz doim jurnalist va blogerlar bilan ishlashga tayyormiz, qo‘l ostimdagi barcha xodimlarga bu haqda ko‘rsatma berganman. Ammo IIV xodimlaridan munosabat olmay xabar e'lon qilish holatlari ham ko‘p kuzatilmoqda. Bu borada jurnalistlar bilan muammo yo‘q, chunki ularda xabar e'lon qilish bo‘yicha tartib shakllangan. Blogerlar bilan esa muammo bo‘lmoqda. Ular ma'lumotni tekshirmay yoki kesib e'lon qilishadi, bu to‘g‘ri emas, axir biz doim munosabat bildirishga tayyormiz. Bilasizmi, bir yil davomida ichki ishlar xodimlari haqida 580 dan ortiq negativ ma'lumot tarqatilgan va shundan faqat 41 tasi o‘z isbotini topgan», dedi IIV matbuot kotibi.

G‘iyosovdan Samarqandda bo‘lib turgani uchun kattaqo‘rg‘onlik soliqchining o‘limi (soliqchi Azizbek Ahmedov YHXB xodimlari unga nisbatan kuch ishlatganidan so‘ng halok bo‘lgandi) bilan bog‘liq holat tizimda qandaydir o‘zgarishga sabab bo‘lgan-bo‘lmagani, bu holat IIV tizimi uchun qanday signal bo‘lganini so‘radik.