NASA qurilmasi tarixda birinchi bo‘lib quyosh atmosferasi yuqori qatlamlariga yetdi
AQShning quyoshni o‘rganishga mo‘ljallangan Parker sayyoralararo stansiyasi quyosh atmosferasining yuqori qatlamlariga yetgan tarixdagi birinchi qurilma bo‘ldi. Bu haqda NASA koinot agentligi xabar berdi.
“Tarixda birinchi marta fazoviy qurilma quyoshga “tega oldi”. NASA Parker Solar zondi quyosh atmosferasining yuqori qatlamlari – uning toji orqali uchib o‘tib, quyosh energiyasi zarralari va uning magnit maydonlari haqida ma’lumotlarni to‘pladi”, deb aytilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, kelgusida ham qurilma quyosh haqida ko‘proq ma’lumot to‘plash uchun uning toji orqali o‘tishni davom ettiradi.
“Parker quyosh atrofida aylanishni davom ettirib, unga maksimal masofaga — 3,83 mln kilometrga yaqinlashadi”, deb qo‘shimcha qilingan koinot agentligida.
NASA’ning ma’lum qilishicha, zondning quyosh tojidan navbatdagi uchib o‘tishi 2022 yil yanvarida yuz berishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zond 2018 yilda Delta-IV raketasi yordamida quyosh tomon uchirilgan. Og‘irligi 635 kgni, o‘lchami 1x3 metrni tashkil qiluvchi zond magnit maydonlari, quyosh plazmasi va energiyasi zarralarini o‘rganish uchun turli qurilmalar, quyosh toji va shamollarini tasvirga olish uchun kameralar bilan jihozlangan. Parker quyoshga yaqinlashganda yonib ketmasligi uchun 11 sm qalinlikdagi ugleplastikdan ishlangan va 1370 daraja issiqqacha bardoshli himoya paneli bilan ta’minlangan.
Davomiyligi 7 yilni tashkil qiladigan missiya davomida zond quyosh yonidan 24 marta uchib o‘tadi. Uning asosiy vazifalari orasida quyosh tojining qizishi va quyosh shamollari tezlashishining sabablarini o‘rganish bor. Missiya davomida olinadigan ma’lumotlar meteorologlarga koinot ob-havosida Yerdagi hayotga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muhim o‘zgarishlarni aniqroq prognoz qilishga yordam beradi.
Mavzuga oid
01:02 / 22.11.2024
Olimlar Quyoshning noyob suratlarini tasvirga oldi
00:32 / 25.10.2024
Quyoshda kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Bu Yerda magnit bo‘ronini yuzaga keltirishi mumkin
11:26 / 01.10.2024
Olimlar Quyosh qachon “o‘lishini” ma’lum qildi: Yerga nima bo‘ladi?
23:55 / 12.09.2024