Ismi-sharifi sir qolishini istagan nukuslik o‘qituvchining murojaatiga ko‘ra, «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga to‘lov badali o‘quvchilar hamda o‘qituvchilardan majburiy tarzda undirilmoqda. Bunda jamiyatga a’zo bo‘lish uchun hech qanday ariza yoki rozilik haqidagi boshqa hujjat rasmiylashtirilmagan. Murojaat yuzasidan Kun.uz muxbiri surishtiruv o‘tkazib, holatni o‘rgandi.

«Yoshlik» sport jamiyati qanday tashkilot?

O‘zbekiston «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi o‘quvchi yoshlar hamda pedagog xodimlarni muntazam ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, ommaviy sport tadbirlari, musobaqalarini o‘tkazish, sportchilarni tayyorlash ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotdir. Jamiyatga 10 yoshga to‘lgan o‘quvchilar, shuningdek, o‘qituvchilar va pedagog xodimlar a’zolikka ixtiyoriy ravishda qabul qilinadi. A’zolik badali yiliga bir marta to‘lanadi va o‘quvchilar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi (5400 so‘m), pedagog va boshqa xodimlar uchun 4 foizi (10 800 so‘m)ga teng.

A’zolik badalidan tushgan mablag‘lar teng miqdorda 4 qismga ajratiladi. Bir qismi umumta’lim maktabida qoladi, ikkinchi qismi tuman (shahar) Xalq ta’limi bo‘limlariga, uchinchi qismi «Yoshlik» sport jamiyati mintaqaviy bo‘limlariga, to‘rtinchi qismi esa jamiyat Markaziy kengashiga yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar faqat maxsus hisob raqamiga kirim qilingan holda sport yo‘nalishiga sarflanadi.

Nukus shahar XTB «Yoshlik» sport jamiyatiga a’zolik badalini yig‘ish haqida buyruq chiqargan

Nukus shahar XTB boshlig‘i P.Aqnazarov tomonidan imzolangan, sana va raqam qo‘yilmagan hujjatda «Yoshlik» sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limiga o‘quvchilardan va o‘qituvchilardan a’zolik badallarini yig‘ib olish hamda 30 noyabr kuniga qadar tushumning 75 foizini XTB hisob raqamiga o‘tkazish, 50 foizini 30 dekabrga qadar «Yoshlik» jismoniy tarbiya va sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi hisob raqamiga o‘tkazish topshirig‘i berilgan.

Foto: Kun.uz

Hujjatga «Yoshlik» sport jamiyati Qoraqalpog‘iston mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari B.Bayniyazovning a’zolik badali o‘quvchilar uchun eng kam ish haqining (bazaviy hisoblash miqdori bo‘lsa kerak) 2 foizi - 5400 so‘m, o‘qituvchilar uchun 4 foizi - 10800 so‘m miqdorida bo‘lishi haqidagi buyrug‘i ilova qilingan.