Qoraqalpog‘iston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mutaxassislari hamda Isroilning DeserTech and Climate Innovation Center markazi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Qoraqalpog‘iston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Leyla Seitova, Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov, markaz direktori Sivan Shaxari hamda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar ekologiya, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, ilmiy tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Isroillik mutaxassislar markaz faoliyati hamda mamlakatning iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi va cho‘llanishdan jabr ko‘rayotgan hududlar uchun ishlab chiqilayotgan innovatsion texnologiyalari haqida ma’lumot berdi. Ular qurg‘oqchil sharoitlarda suvdan samarali foydalanish, ekologik muammolarga texnologik yechimlar topish va barqaror rivojlanishga qaratilgan loyihalar tajribasini taqdim etdi.
Qoraqalpog‘iston vakillari esa Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda zamonaviy ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirib, ekologik innovatsiyalar va iqlimga moslashuv sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolashga kelishib oldi.










