Bugun, 15 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida ma’naviy-ma’rifiy sohadagi «Eng namunali tuman va shahar» hamda «Eng namunali vazirlik va idora» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning «Eng namunali tuman va shahar» nominatsiyasida 1-o‘rin Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a va Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanlariga topshirildi.
Ikkinchi o‘ringa Xorazm viloyatining Yangibozor, uchinchi o‘ringa Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani loyiq ko‘rildi.
Tadbir davomida «Eng namunali vazirlik va idora» nominatsiyasi bo‘yicha ham g‘oliblar e’lon qilindi. Bu borada birinchi o‘ringa Mudofaa vazirligining ish faoliyati yuqori baholangan. Ushbu nominatsiya bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Ichki ishlar vazirligi, uchinchi o‘rinni «Qishloq qurilish bank» ATB va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi oldi.

Tanlov g‘oliblari quyidagi qimmatbaho sovg‘a va pul mukofoti bilan taqdirlandi:
1-o‘rin – Damas avtomobili va 15 million so‘mlik kitoblar to‘plami;
2-o‘rin – 40 million so‘m pul mukofoti va 12 million so‘mlik kitoblar to‘plami;
3-o‘rin – 25 million so‘m pul mukofoti va 8 million so‘mlik kitoblar to‘plami;
4- va 5-o‘rinlar – 10 million so‘mlik pul mukofoti.

E’tiborli jihati, tanlovning «Eng namunali tuman va shahar» tanlovida ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan Yangibozor tumani hokimi O‘ktamboy Qurbonovning fermerlarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgani audiosi tarqalgandi


















