Yevropa futboliga yana koronavirus balosi kirib keldi va bir qator o‘yinlar noma’lum muddatga qoldirilmoqda. Ayniqsa, Angliyada bu ko‘proq sezilmoqda va tur o‘yinlarining qariyb yarmi o‘tkazilmaydi. Hatto futbolni yangi yilgacha to‘xtatib turish masalasi o‘rtada ko‘tarilmoqda va bu haqda dushanba kuni klublar muzokara o‘tkazadilar. Ungacha esa ma’lum o‘yinlar o‘tkaziladi. Lekin maydonga tushadigan jamoalar ichida ham infeksiya yuqtirgan futbolchilar borligini e’tirof etish kerak. Ispaniyada esa «Real»da virus muammosi chiqdi, ammo reglamentga ko‘ra, agar jamoada kamida 14 futbolchi tayyor bo‘lsa, uchrashuv qoldirilmaydi.

Xullas, Yevropa futboli kichik tanaffusga chiqish ehtimoliga yaqinlashib, g‘animatga aylanib qolish arafasida. Shu tufayli, bu hafta imkon qadar ko‘proq uchrashuvlarni tomosha qilishga harakat qiling. Biz esa sizga tanlovda yordam beramiz. 

ATALANTA – ROMA (18 dekabr, 19:00)

«Atalanta»ning A Seriyadagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 10 uchrashuvga yetdi va buning natijasida bergamoliklar uchinchi o‘ringa ko‘tarilib, chempionlik poygasiga qo‘shildi. «Atalanta»ning keyingi turlardagi raqiblari «Jyenoa», «Torino» va «Udineze» bo‘lib, jamoaning yurishi yangi yilgacha davom etishi mumkin va buning uchun «Roma» qarshiligi sindirilishi kerak. G‘alaba «Atalanta»ni vaqtincha bo‘lsa-da, ya’ni «Milan»ning o‘yinigacha turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oladi.

Rimliklar so‘nggi turlarni ishonchsiz o‘tkazib, hatto Mourinoning iste’fosi haqida gaplar chiqa boshlagan bo‘lsa-da, katta raqiblarga qarshi baribir «Roma» munosib o‘yin ko‘rsata oladi. Jamoa tarkibi ham, murabbiy salohiyati ham «Atalanta» bilan teng kurashish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Mag‘lubiyat «Roma»ni hatto 9-o‘ringa tushirib yuborish ehtimoli ham bor.

«Roma» natijalaridagi pasayishni shuningdek, Lorenso Pellegrinining jarohati bilan ham bog‘lash mumkin. Dastlabki 13 turda u 5 gol va 2 assistni amalga oshirib, jamoada bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etayotgandi. Reja bo‘yicha u shu kunlarda safga qaytishi kerak edi, ammo katta ehtimol bilan ushbu uchrashuvga tayyor bo‘lmaydi. Lorensodan tashqari «Roma» tarkibida shuningdek, El Shaaravi ham maydonga tusha olmaydi. «Jyenoa»da 2 gol urib, kashfiyot bo‘lgan Feliks Afena-Gyan esa «Spetsiya»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgani uchun diskvalifikatsiyaga ega. Mezbonlar tarkibida esa yangi jarohatlar yo‘q.

O‘zaro uchrashuvlarga ko‘ra, ikki tomondan tenglikni ko‘rishimiz mumkin. Oxirgi 21 o‘yinda har ikki tomonda yettidan g‘alaba va yetti durang. O‘tgan mavsumda Bergamoda o‘tgan uchrashuvda 4:1 hisobida maydon egalari ustun kelgandi.

LIDS YuNAYTeD – ARSeNAL (18 dekabr, 22:30)