O‘zbekiston | 10:05 / 20.12.2021
15210
3 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda yangi yil tadbirlari bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy qilinmoqda

Bolalar xavfsizligi hamda turli pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston maktablarida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy qilinmoqda.

Foto: Kun.uz

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan 2021 yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas.

Shu munosabat bilan, vazirlik tomonidan umumta’lim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq quyidagi holatlar taqiqlanganini ma’lum qiladi:

  • yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq har qanday tadbirlarni rejalashtirish va o‘tkazish;
  • bayram bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish maqsadida ota-onalardan turli hil noqonuniy pul yig‘imlarini amalga oshirish;
  • maktab foyesi va sinf xonalarini sun’iy archa va elektr chiroqlar bilan bezatish (o‘quvchilar qo‘l mehnati bilan yasalgan turli bezaklar bundan mustasno).

Istisno tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sinf rahbari hamda ota-onalar ishtirokida karantin qoidalariga rioya etgan holda, o‘z sinf xonalarida, dars mashg‘ulotlariga xalaqit bermagan holda bayram tadbirlarini o‘tkazish hamda maktab hovlisida Yangi yil archasini bezatishga ruxsat beriladi.

Bundan oldinroq, Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va mamlakat hududiga koronavirus infeksiyasining yangi «omikron» shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartiblar belgilangan, xususan, yangi yilda korporativ tadbirlar o‘tkazish taqiqlangandi.

UPD: Umumta’lim maktablarida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar yo‘q

Vazirlik maktablarda yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq xabarnomaga qo‘shimcha izoh berdi.

«Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablariga Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish bilan bog‘liq cheklov yuzasidan tegishli xati noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qilamiz.

Umumta’lim maktablari hududida yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar mavjud emasligini bildiramiz.

Shu bilan birga maktablarda pul yig‘imlari hamda ota-onalarning e’tirozlarini oldini olish maqsadida restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida maktab o‘quvchilariga Yangi yil bayramini o‘tkazish tavsiya etilmaydi.

Respublika maxsus komissiyasining turli xil korporativ bayram va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq taqiqlar vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlariga tadbiq etilganligini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid

E`lonlar