Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident ilk marta 23 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlari xatlovdan o‘tkazilib, elektron xaritaga kiritilganini ma’lum qildi. 

«Yangi tashkil etilgan Kadastr agentligi joriy yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor qishloq xo‘jaligi yerlarini yalpi xatlovdan o‘tkazishni boshladi va 23 million gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining elektron xaritasi yaratildi.

Bu birinchi marta. Bunaqa ish qilmagandik, chunki hech kim bunga kirishmagandi.

Bunday qilsak, korrupsiya yo‘q bo‘ladi. Shuning uchun ko‘p hokimlar xatlov qilmay turgin, olti oy, deb gapirganining zapisi bor», dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, Asaka va Shahrixon tumanlarida o‘tkazilgan xatlovda 74 mingta xonadonning (jami xonadonlarning 65 foizi) yer ajratish qarori yo‘qligi, 4,5 mingtasi (4 foiz) muhofaza zonalarda qurilgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu tumanlar yer balansida aholi punkti yerlari 2 ming gektar deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, haqiqatda 10 ming gektar yerlar uy-joy bilan band bo‘lib turibdi.

Shu munosabat bilan kelgusi yil yakuniga qadar 6 millionta ko‘chmas mulk obektlarini xonadonbay xatlovdan o‘tkazish topshirilgan. Bunda har bir mahalladagi hokim yordamchilari o‘z hududidagi holatni tahlil qilib, kadastr idoralariga beradi.

Xatlov natijasi bilan bino-inshootlarning elektron xaritasi yaratilib, aholi uchun qulay va ochiq-oshkora onlayn platformaga joylashtiriladi.

«Yer balansini to‘g‘ri yuritish, yerni asrab-avaylash hokimlarning konstitutsiyaviy majburiyati va asosiy vazifasidir. Buni uddalay olmaydigan hokim menga kerak emas», degan davlat rahbari.

Yig‘ilishda galdagi muhim vazifalar belgilandi.

Avvalo, qishloq xo‘jaligi yerlarini hisobga olish ishlarini kelgusi yil 1 aprelgacha yakunlash muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun qishloq xo‘jaligi yer balansidagi 2 million 700 ming gektar maydonning toifasini aniqlash zarur.

Kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, keyin tanlovga chiqarish vazifasi qo‘yildi.