O‘zbekiston | 15:11 / 23.12.2021
26977
6 daqiqa o‘qiladi

Chustda hokimlik mashinalari daxlsiz deb e’lon qilinganmi?

Barchaga barobar qonun yana hokimlikka kelganda ishlamayapti. Chust tumani rahbarlariga qarashli xizmat mashinalarida sodir etilgan, lekin jarimasi to‘lanmagan qoidabuzarliklar soni 30tadan oshib ketgan. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, YHXX mashinalarni jarima maydoniga qo‘yolmayapti.

Namangan viloyati Chust tumani hokimligi balansidagi Cobalt va Nexia-3 rusumli xizmat avtomobillarida sodir etilgan 31ta qoidabuzarlik uchun tayinlangan jami 13,5 mlnlik jarimalar to‘lanmayapti. Ular orasida 2018 yilda qo‘llanilgan jarimalar ham bor.

Bundan tashqari, 9ta qoidabuzarlik uchun 6 mln 425 ming so‘m jarimaga tortilgan Trailblazer garchi hokimlik balansida bo‘lmasa-da, undan tuman hokimi Bekzod Hamdamov xizmat avtomobili sifatida foydalanayotgani aytilmoqda.

Bekzod Hamdamov
Foto: Namangan viloyati hokimligi

Jarimalarning aksariyati tezlikni oshirganlik uchun tayinlangan. Kun.uz surishtiruvida to‘plangan ma’lumotlar shundan darak bermoqda.

“234”lar kolleksiyasi

E’tiborli jihati, biz bugun hikoya qiladigan avtomashinalarning davlat raqam belgilaridagi raqamlar kombinatsiyasi bir xil – “234”.

Cobalt

Hokimlik xizmat mashinalari orasida qoidabuzarlik sodir etilishi bo‘yicha davlat raqami 50 234 NAA bo‘lgan (hozirda 50 066 DAV) oq rangli Cobalt avtomobili yetakchilik qilmoqda.

Foto: Kun.uz

Bu xizmat avtomobilida so‘nggi 3 yil davomida 17 marta qoidabuzarlik sodir etilgan. Qoidabuzarliklarning barchasi tezlikni oshirganlik bilan bog‘liq. Qoidabuzarliklar uchun jami 8 mln 295 ming so‘m miqdorida jarimalar tayinlangan va ular to‘lanmagan.

MJtK 291-moddasiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solingan kundan e’tiboran 60 kun ichida jarima to‘lanmagan taqdirda, transport vositasi jarima to‘languniga qadar jarima maydonida ushlab turilishi lozim.

Lekin 2019 yildan hozirgacha tayinlangan jarimalar to‘lanmaganiga qaramay, mazkur avtomobil “ochiq”da qolmoqda. YHX xodimlari esa chora ko‘rishga shoshilmayapti.

Nexia-3

Hokimlik balansida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Bahodirov foydalanishida ekani aytilayotgan, davlat raqami 50 234 TAA bo‘lgan (hozirda 50 068 DAV) oq rangli Nexia-3 avtomobili ham bor.

Foto: Kun.uz

Mazkur avtomobilni boshqarish jarayonida 2018 yil 22 maydan 2021 yil 9 iyulgacha 14ta huquqbuzarlik qayd etilgani ma’lum bo‘lib, ular uchun jami 5 mln 189 ming so‘mlik jarimalar tayinlangan.

Huquqbuzarliklarning ikkitasi to‘xtash chizig‘ini bosib kirish, qolgan barchasi tezlikni oshirish bilan bog‘liq.

Jarimalar to‘lanmayotganiga 3,5 yildan oshgan bo‘lsa-da, ushbu avtomobil ham jarima maydoniga kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, Chust tumani hokimligi xizmat avtomobillarining davlat raqami Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-sonli qaroriga asosan yangi tipga o‘zgartirilgan.

Trailblazer

Kun.uz manbasi rasman hokimlikka tegishli bo‘lmasa-da, tuman hokimi Bekzod Hamdamov xizmatida qora rangli Trailblazer avtomobili ham borligini ta’kidlamoqda.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Rasman “NAMANGAN TO‘QIMACHI CLUSTER” MChJga tegishli bu avtomobildan foydalanish jarayonida 2021 yil davomida 9ta qoidabuzarlik sodir etilgan. Jami 6 mln 425 ming so‘mlik jarimalarning birortasi to‘lanmagan.

Shuncha jarimasi bo‘lishiga qaramay, bu qimmatbaho avtomobil ham “ozodlikda”.

Avtomobilning davlat raqami (50 234 MBA) hokimlikning 2 avtomobilinikiga o‘xshash ekani ham tasodif bo‘lmasligi mumkin. Bunda, YPX xodimlari hadeb to‘xtatavermasligi mulohaza qilingan bo‘lsa ajab emas...

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Namangan To‘qimachi Cluster” MChJ Namangan viloyati Namangan shahrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, “Namangan To‘qimachi” MChJ, “Namangan Toqimachi Holding” MChJ va fuqaro Jobir Akbarov uning ta’sischilari hisoblanadi.

Darvoqe, 2021 yil 29 apreldagi hukumat qaroriga asosan, tuman (shahar) hokimlari uchun BHMning 1000 baravari (270 mln so‘m)dan yuqori narxdagi xizmat avtomobili sotib olishga taqiq qo‘yilgan.

Yangi Chevrolet Trailblazer LTZ 6AT avtomobilining ayni damdagi narxi esa 398 mln so‘mni tashkil etmoqda.

To‘lanmagan jarimalar va xizmat mashinalari bo‘yicha Chust tuman hokimligidan hozircha izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Savollarga hokimlik bosh hisobchisidan javob olish mumkinligi aytildi, shundan so‘ng na hisobchi va na matbuot kotibi bilan bog‘lanib bo‘lmadi.

Ma’lumot uchun, Bekzod Hamdamov Chust tumani hokimi lavozimiga 2020 yil 7 iyulda tayinlangan. Unga qadar (2016-2020) tumanga Bahodir Oxunov hokim bo‘lgan.

Fuqarolik kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, davlat organi mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari natijasida yetkazilgan zararning o‘rni davlat tashkiloti tomonidan yoki zarar qaysi mansabdor shaxsning aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa, ushbu mansabdor shaxs tomonidan qoplanishi lozim.

Chust tumanidagi YHX mas’ullaridan “do‘stlarga – hamma narsa, xalqqa – qonun” qabilida ish ko‘rishni to‘xtatib, qonun barcha uchun barobar ekanini ta’minlashlarini so‘rab qolamiz. Holatga prokuratura organlari ham e’tibor qaratishi maqsadga muvofiq.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid