O‘zbekiston | 18:09 / 23.12.2021
4962
3 daqiqa o‘qiladi

Maktablarda sport zallar quramiz – Abdurazzoqov Namangan aholisini sog‘lomlashtirish bo‘yicha tashabbusini aytdi

Namangan millioner shaharga aylantiriladi.

Foto: Kun.uz

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining 27-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov 2021 yil yakunlari va 2022 yilga mo‘ljallangan istiqbolli rejalar bo‘yicha viloyat ahliga murojaat yo‘lladi.

2021 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida hisobotdan so‘ng viloyat hokimi 2022 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, kelgusi yilda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 2 820 xonadonga ega 109 ta ko‘p qavatli uy-joy quriladi.

Mazkur uylarning asosiy qismi Chust tumani “Gulzor” MFY, Chortoq tumani “Do‘stlik” MFY Pop tumani “Mirishkor” MFY hududida, “Yangi O‘zbekiston massivlari”da 640 ta xonadonga ega 32 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi. 

“Eng avvalo, Namangan shahri – aholisining soni million kishidan iborat shaharga aylanadi. Buning uchun, Davlatobod tumani Yuksalish massivida 30 ming oila uchun 330 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha, shifoxona, kichik sanoat zonalari, xizmat ko‘rsatish obektlarini qamrab olgan “Yangi Namangan” shaharchasi bunyod etiladi”, - dedi Abdurazzoqov

Shuningdek, shaharchada 95 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo qilinadi. Ushbu bog‘da Mustaqillik stelasi, bog‘ni yuqoridan tomosha qilish maqsadida kuzatuv tepaligi, bolalar uchun maydoncha, piknik hududlar, kichik bolalar o‘yingohi, to‘y va marosimlar uchun kichik maydoncha, Namangan viloyati ramzi bo‘lgan gullar bog‘i va yashil bog‘ barpo etiladi. Shuningdek, sun’iy ko‘l, 1 500 o‘rinli amfiteatr, favvoralar, avtoturargohlar, savdo va xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik do‘konlari tashkil etiladi.

Sessiyadan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida viloyat rahbari aholini sog‘lomlashtirish bo‘yicha qanday tashabbus ilgari surayotgani haqidagi savolga javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda ta’limga e’tibor qaratiladi. Hokim viloyat bo‘ylab 128 ta maktabda sport zali yo‘qligi, bu esa o‘sha mahallalardagi yoshlar va kattalarning qishda shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yetarli emasligini ko‘rsatishini ta’kidladi. Bundan tashqari, qishloq joylarda kutubxonalar tashkil etishga ham katta ahamiyat beriladi.

Avvalroq Farg‘ona viloyati hokimi vazn tashlagan amaldorlarga pul ajratishni, Andijon viloyati hokimi yurishni tashkil qilgan amaldorga Dubayga sayohat va’da qilgan edi.

Mavzuga oid