Qozog‘iston shaharlarida gaz narxi oshishiga qarshi namoyishlar
Yangi yilning ilk kunlarida Qozog‘istonning Janao‘zen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 60 tengedan (1 492 so‘m) 120 tengega (3 ming so‘m atrofida) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy miting o‘tkazishdi.

3 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev hukumatga «Janao‘zendagi vaziyatni zudlik bilan iqtisodiy maqsadga muvofiqligini hisobga olgan holda huquqiy sohada ko‘rib chiqish» bo‘yicha topshiriq berdi.
To‘qayev namoyishchilarni muloqotga chaqirdi. «Aqtauda hukumat komissiyasi ish boshladi, uning tarkibiga prezident ma’muriyati xodimlari kiradi. Respublika operativ shtabi doimiy asosda ishlamoqda. Komissiyaga mamlakatimizdagi barqarorlik manfaatlaridan kelib chiqqan holda yuzaga kelgan muammoning o‘zaro maqbul yechimini topish topshirildi. Huquq-tartibot organlariga jamoat tartibining buzilmasligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Namoyishchilar mas’uliyat va muloqotga tayyor bo‘lishi lozim», deb yozgan Qozog‘iston prezidenti Twitter'da.
Ko‘p o‘tmay hukumat komissiyasi a’zolari Aqtaudagi namoyishchilar bilan uchrashgani va Mang‘istau oblasti uchun bir litr gaz narxi 50 tenge deb belgilanishini bildirgani xabar qilindi. Ammo namoyishchilar endi boshqa talablarini bildirishmoqda.

4 yanvar kuni mamlakatning barcha yirik shaharlari - Nur-Sulton, Olmaota, Aqtau, Qarag‘anda, Chimkent, Aqto‘be, Qizilo‘rda va boshqa hududlarda ham minglab kishilar ko‘chalarga chiqishdi.






































