Pekinda 4 fevral kuni boshlangan qishki Olimpiadaning so‘nggi kunida finland hokkeychilari finalda rossiyalik raqiblarini mag‘lub etib, ilk bor Olimpiya o‘yinlari chempioniga aylandi, shuningdek britaniyalik ayol sportchilar kyorlingda oltin medal sohibi bo‘lishdi - bu Britaniya delegatsiyasining Pekindagi birinchi va oxirgi oltini bo‘ldi.

Finlandiya va Rossiya olimpiya qo‘mitasi jamoalari o‘rtasidagi hokkey musobaqasi finali 2:1 hisobida yakunlandi. Yarimfinalda ruslarga bullitda (hokkeydagi penalti) yutqazgan shvedlar bronza uchun bahsda slovaklarga ham mag‘lub bo‘lishdi (0:4).

Bu safargi qishki Olimpiadaga ham avvalgilarida bo‘lgani kabi AQSh va Kanada sport jamoalari ishtirokidagi Milliy hokkey ligasi vakillari kelishmagan kanadalik va amerikalik hokkeychilar yarimfinalga ham yetib kela olmadi.

Olimpiadaning so‘nggi kunida Britaniya delegatsiyasi nihoyat oltinga ega chiqdi: kyorling bo‘yicha ayollar jamoasi finalda yaponlarni yirik hisobda mag‘lub etdi - 10:3.

Britaniyaliklar qishki sport turlarida kuchli emas, ammo kyorlingda ular juda kuchli: erkaklar jamoasi bir kun oldin finalda kutilmaganda shvedlarga yutqazib qo‘ygandi - 4:5.

Olimpiada sarhisobi

Musobaqalar uchta klasterda bo‘lib o‘tdi: Pekinning o‘zida, poytaxtdan shimoli-g‘arbda joylashgan Yansinda va shahardan 200 km masofadagi Chjanszyakouda.

O‘yinlarda 92 mamlakatdan sportchilar qatnashdi.

Jami 109 ta medallar shodasi o‘ynaldi - bu to‘rt yil oldin Pyongchangda o‘tkazilgan Olimpiadadagidan 7taga ko‘p. Eng ko‘p medallar norvegiyalik sportchilarga nasib etdi.

O‘yinlarning so‘nggi kunida, chang‘ida 30 km masofaga poygada norvegiyalik Tereza Yohaug eng yaqin ta’qibchisi, amerikalik Jyessi Diggnsni 20 daqiqaga ortda qoldirib, oltin medalga ega chiqdi. Bu norveglarning Pekindagi 16-oltin medali bo‘ldi, jamoa medallar soni bo‘yicha ham, medallar sifati bo‘yicha ham yaqqol birinchi bo‘ldi - 16 oltin, 8 kumush va 13 bronza, jami 37 medal. Ikkinchi o‘rinni Germaniya egalladi - 12 oltin (yakshanba kuni nemislar bobsleyda bitta oltin va bitta kumush qo‘lga kiritishdi), 10 kumush va 5 bronza. Kuchli uchlikni mezbonlar - Xitoy yakunlab berdi - 9 oltin, 4 kumush va 2 bronza. Olimpiadada favoritlar qatorida turuvchi va bu safar ham Olimpiya qo‘mitasi bayrog‘i ostida ishtirok etgan rossiyaliklar 6 oltin medal bilan kifoyalanishdi, lekin umumiy medallar soni bo‘yicha ular ikkinchi bo‘lishdi - 32 medal. Germaniya medallar soni bo‘yicha ham kuchli uchlikda.

O‘zbekiston nomidan ushbu Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan yagona sportchi Komiljon To‘xtayev tog‘ chang‘isi bo‘yicha slalom va gigant slalom yo‘nalishida ishtirok etdi. Gigant slalomda 29-pog‘onani band etgan sportchi, slalom bahslarini muddatidan avval yakunlagandi.