Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida yer degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Vazirlar Mahkamasi, Fanlar akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati markazining:

  • Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yer degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vakolatini yuklash hamda ushbu yo‘nalishdagi siyosatni belgilovchi vakolatli davlat organi etib belgilash;
  • davlat budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yer degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departamentini tashkil etish;
  • Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tasarrufidagi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutini Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida  Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar milliy instituti etib qayta tashkil etish hamda vazirlikning “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlili markazi” DUKni mazkur milliy institut tarkibiga o‘tkazish takliflari ma’qullanadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yer degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha:

a) quyidagi vakolatlar beriladi:

  • yer degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar (O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Fanlar Akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yirik sanoat korxonalari) faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • yer degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish siyosatini belgilash, davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqish;
  • yagona elektron resurs (ma’lumotlar bazasi) doirasida vazirlik va idoralarning yer degradatsiyasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilikning hozirgi holati va unga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarini to‘plash, tahlil qilish, qayta ishlash, ma’lumotlar bazasiga kiritilishini va ushbu ma’lumotlardan ochiq foydalanishini ta’minlash;