Transformatsiya

Mahallaga davlat tomonidan e’tibor kuchayib borayotgan bir paytda tizim haqida, unda maosh olib ishlayotgan xodimlar faoliyati xususida bildirilayotgan salbiy fikrlarning sababi nimada? Nega ayrim chiqishlarda o‘ta keskin, hatto noloyiq so‘zlar ishlatilmoqda?

Tizimni isloh etish yo‘lidagi harakatlar, oxirgi ikki yil davomida amalga oshirilgan ishlar va shu kunlardagi o‘zgarishlar aynan mahallani fuqarolarga yanada yaqinlashtirishga, har bir oilaning dardiga darmon bo‘lishiga imkon yaratishga, uning jozibadorligini oshirishga qaratilgan emasmi?

Ko‘p asrlik tarixga ega hamda o‘zaro ishonch, ijtimoiy muloqot va birgalikdagi mas’uliyatga asoslangan mahalladoshlik, birodarlik tuyg‘ulari hukmron bo‘lgan mahalla tizimi keyingi yillar davomida shaklan va mazmunan o‘zgardi.

Ayniqsa, 2020 yilning 18 fevralida davlatimiz rahbarining «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va unga muvofiq Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorining e’lon qilinishi munosabati bilan bunday o‘zgarishlar yanada chuqurlashdi.

Endi mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha hamda obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimi joriy etildi. Profilaktika inspektori ham raisga o‘rinbosar, deb e’lon qilindi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasidagi vazifalar keskin oshdi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman (shahar) bo‘limi va tegishli sektor yuboradigan topshiriqlar, turli yig‘ilishlar ham ko‘paydi. Yozuv-chizuv va har xil ko‘rinishdagi ishlar oshib-toshib ketganligiga qaramasdan, mas’ul kotib shtati tugatildi. Shunday sharoitda qanday yo‘l tutildi? Deyarli hamma mas’ul kotiblar mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik (OTT) masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazildi.

Ayrim mutasaddilarning OTT masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari o‘z vazifalarini uddalay olmaganligi tufayli yangi — hokim yordamchisi lavozimi joriy etilganligi haqidagi gaplarini hazm qilish og‘ir. Chunki bu o‘rinbosarlar mahallada har xil hujjat-u jadvallar tayyorlash va yuqori tashkilotlarga yuborish va shaxsan olib borib topshirish bilan shug‘ullandi. Ya’ni ular avvalgidek kotiblik vazifasini bajarib keldi. Shu sababli ularning obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bilan shug‘ullanishga vaqti ham, imkoni ham bo‘lmadi.