Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov hamda mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin yetakchilik qildi. Amerikalik diplomatlarga esa Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman hamda Davlat kotibining qurollanishni nazorat qilish bo‘yicha o‘rinbosari Bonni Jyenkins bosh bo‘ldi.

Rossiya tomoni ushbu uchrashuvni muzokara deb atab, u dangal o‘tganini ta’kidlagan bo‘lsa, Amerika diplomatiyasi buni «tomonlarning nuqtayi nazarlarini bilib olishga imkon beruvchi muloqot» deb atadi. O‘z navbatida, Sergey Ryabkov Rossiya talab qilayotgan shartlar bajarilishi imkonsiz emasligi va muloqot «umidbaxsh» tarzda o‘tganini ta’kidladi.

Rossiya hamon NATO kengaymasligi bo‘yicha shoshilinch kafolat istamoqda

Rossiya delegatsiyasi rahbari Sergey Ryabkov mamlakat hamon NATO kengaymasligi, Ukraina hech qachon unga kiritilmasligi bo‘yicha kafolat talab qilayotganini takrorladi.

«Biz uchun Ukraina hech qachon NATOga kirmasligi bo‘yicha kafolat berilishi talabining qanoatlantirilishi shart ekanini ta’kidlamoqchiman. NATOning Madridda o‘tajak navbatdagi sammitida 2008 yil Buxarestdagi sammitda qabul qilingan formulasi quyidagicha o‘zgartirilishini xohlaymiz: «Ukraina va Gruziya hech qachon NATO a’zosiga aylanmaydi». Bu Rossiya milliy xavfsizligi masalasi.

Biz quruq gapdan iborat muloqotlardan charchadik. Yopiq eshiklar ostida o‘tadigan muzokaralarda ko‘p uchraydigan yarim va’da va noto‘g‘ri talqin qilinadigan so‘zlardan ham. Biz boshqa taraflarga ishonmaymiz. Bizga quruq va’da emas, aynan kafolat kerak: «majbur», «shart», «NATO a’zosiga aylanmaydi» so‘zlari bitilgan kafolat», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.

AQSh diplomatlari rahbari bo‘lgan Uendi Sherman esa qisqa qilib, bu talab qanoatlantirilmasligini ma’lum qildi.

«Biz hech kimga biror davlat uchun NATO eshiklarini yopishga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan ikki tomonlama muloqotni davom ettirish tarafdorimiz», dedi amerikalik diplomat.

© EPA-EFE/DENIS BALIBOUSE/POOL

Ukrainaga bostirib kirish masalasi

AQSh tomoni muloqotdan keyin o‘tkazilgan brifingda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish masalasini ham ko‘tardi. Rus delegatsiyasi rahbari Rossiyaning bunday maqsadi yo‘qligini aytdi.