17:27 / 04.10.2021
7779

Shavkat Mirziyoyevning Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuvida Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 oktabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSh strategik sherikligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Uendi Sherman davlat rahbariga AQSh prezidenti Jozef Bayden, vitse-prezidenti Kamala Harris va Davlat kotibi Entoni Blinkenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

«Amerika tomoni mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qat'iy qo‘llab-quvvatlashi alohida ta'kidlandi.

Tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal sur'atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqotining joriy yil oxirigacha Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi yig‘ilishining kun tartibini puxta tayyorlash muhim ekani ta'kidlandi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta'lim, sog‘liqni saqlash, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Pandemiyaga qarshi kurashishda, shu jumladan amaldagi global dastur doirasida mamlakatimizga vaksinalar yetkazib berish masalasida ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Amerika tomoniga alohida minnatdorchilik bildirildi.

Mintaqaviy, shu jumladan “AQSh – Markaziy Osiyo” muloqoti hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim kengashi doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Shuningdek, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish hamda qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga xizmat qiladigan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa'y-harakatlari yuksak baholandi.

Top