Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi xavfsizlik masalasida uchta uchrashuv o‘tkazilishi belgilangandi va Bryusselda ularning ikkinchisi o‘tdi. 10 yanvar kuni Jyenevada AQSh va Rossiya o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgandi, bugun, 13 yanvar kuni YeXHT doirasida Venada uchinchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bryusselda Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grishko hamda mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin rahbarlik qildi. AQSh delegatsiyasiga esa Jyenevada bo‘lgani kabi davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman bosh bo‘lib, unga ko‘plab yuqori mansabli diplomatlar hamrohlik qildi. Yig‘ilishni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg boshqardi.

Yig‘ilishda ko‘p gap aytildi, lekin asosiy bo‘ladigan gap NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg tilidan chiqdi. «Biz Ukraina alyansga kirmasligi bo‘yicha kafolat bermaymiz», dedi bosh kotib Rossiya talablariga javoban.

Moskva iddao qilayotgan asosiy talab – aynan Ukraina va Gruziyaning NATO kirmasligi bo‘yicha yuridik kafolat hisoblanadi.

Yig‘iish yakuni bo‘yicha NATO bosh kotibi brifingda ishtirok etdi. Keyinroq Rossiya TIV bayonoti ham e’lon qilindi.

Stoltenberg nima dedi?

«NATO safiga kiruvchi ittifoqchilar va Rossiya o‘rtasida fikriy qarama-qarshilik mavjud. Buni bartaraf etish oson bo‘lmaydi, lekin muloqotga kirishish shart. Biz davlatlarning alyansga a’zo bo‘lishi masalasida fundamental prinsiplarimizda sobit qolgan holda kompromissga bormoqchi emasmiz. Hamma alyansga kirish-kirmasligini o‘zi hal qiladi», dedi NATO bosh kotibi.

Stoltenberg Rossiyaga qarshi keskin fikrlar ham bildirdi.

«Rossiya askarlari Gruziya, Ukraina, Qrim va Moldovada bu davlatlarning roziligisiz bo‘lib turibdi. Rossiya Yevropa davlatlarida kimyoviy quroldan foydalanyapti va mamlakat ichkarisidagi demokratik muxolifatni bo‘g‘moqda», dedi u.

Alyans bosh kotibi Yevropada yangi qurolli nizo ehtimoli borligi haqida gapirdi.

«Yevropada yangi qurolli to‘qnashuv xavfi paydo bo‘lgan. Aynan shu xavfni bartaraf etish uchun to‘planganmiz. Rossiya bilan yadro siyosati, raketalarni birgalikda cheklash kabi mavzularda muhokamalar tarafdorimiz. Rossiyaga ular kuch ishlatsa, iqtisodiy va siyosiy bosimga uchrashi bo‘yicha signal yuborganmiz. Biz o‘z ittifoqchilarimizni himoya qilamiz», dedi Stoltenberg.