Nima emish, Qozog‘istondagi voqealardan O‘zbekiston kerakli xulosalarni chiqarishi kerak ekan. Qozog‘istonda to‘polonni keltirib chiqarganlar endi O‘zbekistonga nazar tashlab turgani haqida ma’lumotlar bor emish.
Gap shundaki bu Lukashenkoning qovun tushirishi bilan bog‘liq birinchi holat emas va oxirgisi ham bo‘lmasligini taxmin qilish mumkin.
Bugungi ko‘rsatuvimizda Belarusni 27 yildan beri uzluksiz boshqarib kelayotgan, oxirgi saylovdagi g‘alabasi o‘z xalqi va ko‘plab davlatlar tomonidan tan olinmagan siyosatchining kulgi va tanqidlarga sabab bo‘lgan bayonotlarini yodga olamiz.
***
Lukashenko Belarus kolxozlaridan biriga safari chog‘ida iqtisodiy bilimi qay darajada ekanini ko‘rsatgan: inflatsiyani yengish uchun xalq orasida o‘zaro savdo-sotiqni natura shaklda amalga oshirishni taklif qilgan.
“Insonlar pul o‘rniga natura ko‘rinishida to‘lov qilishlari mumkin. Chunki hozir inflatsiya dahshatli”.
Fashist Gitler, alqangan Gitler
Belarus prezidenti nemischa tartib-tamoyil haqida gapirarkan, bir chiqishida Gitlerni fashist ekanini yodga olsa, ikkinchisida uni alqaydi.
“... chunki hokimiyat tepasida fashist edi!”
“Nemischa tartib-tamoyil asrlar osha shakllangan edi, Gitler hokimiyati davrida bu o‘zining eng yuqori nuqtasiga chiqdi”.
Saylovlar soxtalashtirilgani rost
Davlat rahbari muxolifat va saylovlar haqida so‘zlarkan, saylovlar natijalari soxtalashtirilganini ro‘y-rost tan olgan payt ham bo‘lgan.
“Ha biz, so‘nggi saylovlar natijalarini soxtalashtirdik. Men buni g‘arbdagilarga aytganman. Xalq prezident Lukashenkoga 93,5 foiz saylovchi ovoz berdi. Aytishdiki, bu yevropacha ko‘rsatkich emas. Biz 86 qildikmi?”
“Abadiy prezidentlik” da’vosi
Yig‘ilishlardan birida esa, prezidentlik mazasini totib ko‘rganini, shu bois istaganicha prezident bo‘lishini ta’kidlaydi.













