Vazirlik izohiga ko‘ra, dars soatlaridagi o‘zgarishlar 2022/23 o‘quv yilidan boshlab 1–6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi bilan bog‘liq.

Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo va astronomiya fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

“Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarda 1-sinfdan boshlab shakllantiriladi. Milliy o‘quv dasturi doirasida o‘quvchilarda “Tabiiy fanlar” fani orqali shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar har bir sinf kesimida belgilandi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Ta’kidlanishicha, o‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda yetarli ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars soatlarini boshlang‘ich sinflarda ko‘paytirishga ehtiyoj tug‘ilgan. Shu munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan (jami 6 soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3 soatlik “Tabiiy fanlar” kiritilgan.

Qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-, 4-sinflarga o‘tkazildi. Ya’ni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat qo‘shib berilgan.

“Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q.

Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta mavzudan 387 ta mavzuga, ya’ni 96 ta mavzuga ko‘paygan.

Shu nuqtayi nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi ostidagi xulosalar asossiz”, – deyiladi Xalq ta’limi vazirligi bayonotida.

XTV “Tabiiy fanlar” jahondagi “aksariyat rivojlangan davlatlarda” borligini ta’kidlab, Buyuk Britaniyada tabiiy fanlar 1–6-sinflarda integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida o‘qitilishini misol keltirgan.

Ta’kidlanishicha, Milliy o‘quv dasturida aynan “Geografiya” fanidan haftalik 8 soat dars o‘tilishi belgilangan. Bu fan o‘qituvchilari “Tabiiy fanlar” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlasa, 11 soat dars berish imkoniga ega bo‘ladi. Natijada, amaldagi haftalik 10 soat o‘rniga, 11 soat dars berishlari mumkin.