Mustaqil, odil sudlov deganda hali hamon ko‘pchiligimizning xayolimizga sud ishlariga kimlarningdir aralashish-aralashmasligi yoki qaysidir bir idoralarning sud va sudyalar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi yo ko‘rsatmasligi kabilar kelishi shubhasiz va ham bor gap.

Negaki, birinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Hech qaysi boshqa organlar va shaxslar sud hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirib olishga haqli emas, sudyalar mustaqildir, faqat qonunga bo‘ysunadi. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi deb belgilab qo‘yilgan. Ha, to‘g‘ri-da, umumiy va qonuniy asoslarda ham aslida shunday.

Ikkinchidan esa, hech kimga sir emaski, qator yillar davomida sudlar faoliyatiga aralashuvlar, u yoki bu tarzda odil sudlovga ta’sir etish holatlari mavjud edi, yaqin tarix bunga guvoh va bu o‘z navbatida haqiqatdir.

Bugun esa, odil sudlovga ta’sir etish, sudlar faoliyatiga aralashish holatlariga chek qo‘yildi. Bu borada xavotirga o‘rin yo‘q.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda 263 ta, 2018 yilda 867 ta, 2019 yilda 859 ta, 2020 yilda 781 ta, 2021 yil 9 oyi davomida 743 ta shaxs oqlangani yoki 100 lab yurtdoshlarimizga ma’naviy zarar undirilib berilib, ish joyiga qayta tiklanganligi yo sudlar tomonidan joylarda hokimlarning 2 ming 852 qarori noqonuniy deb topilib, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangani, yo bo‘lmasam birgina FIB Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan aholining buzilgan mulk huquqi uchun o‘tgan yilning o‘zida 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berilgani sudlarning mustaqil, xolis odil sudlov sari progressiv qadamlarini isbot etadi.

Shu bilan birga, chuqurroq tahlil etsangiz yoki masalaga qozon ichidan turib yondashadigan bo‘lsak, mustaqil va barqaror odil sudlovni ta’minlashda, sud faoliyatiga aralashuv va sudyalar mustaqilligiga bevosita ta’sir etishdan boshqa yana bir qancha omillar ham mavjud, ushbu omillarni bartaraf etish uchun esa quyidagi taxminiy 7 ta masala haqida so‘z yuritishga zarurat bor ekan-da degan fikrga kelasiz...

1. Sudyaga odil sudlovni ta’minlash uchun nima kerak?

To‘g‘ri, albatta qonun, qonun bo‘lganda ham kamida adolatli yoki hech bo‘lmaganda mukammalroq qonunlar kerak. Nega mukammalroq deb alohida qayd etmoqdaman, chunki dunyoda ideal yo mukammal, yo o‘zgarmaydigan qonunning o‘zi mavjud emas.