Sitorai Mohi Xossaning restavratsiya qilinishi yodgorlikka 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan
Buxoroda Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani oqibatida uning tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.
Senatorlar «Moddiy-madaniy meros obektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullashdi.
Turizm yo‘nalishini milliy iqtisodiyotning drayver sohalaridan biriga aylantirish maqsad qilib olingani, bunda foydalanilmagan keng imkoniyatlar, tabiiy sharoit, tarixiy va madaniy obidalar mavjudligi qayd etilgan.
«Tarixiy madaniy obidalarimiz nafaqat moddiy meros sifatida, balki xalqimizning ma’naviy boyligi sifatida ham ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan ham moddiy-madaniy meros obektlari muhofazasini kuchaytirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi», deyiladi Senat matbuot xizmati xabarida.
Muhokama davomida, Senat tomonidan Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida olib borilgan o‘rganishlar mobaynida moddiy-madaniy meros obektlariga juda katta miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlanganligi, davlat muhofazasiga olingan ayrim arxeologik obektlar yo‘q bo‘lib ketgani ham ta’kidlandi.
«Ayrim hollarda Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga madaniy meros obektlarida amalga oshirilayotgan ishlar restavratsiya qilish talablariga zid ravishda olib borilib, ularning tarixiy va badiiy qimmatiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilmoqda.
Jumladan, Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida olib borilgan restavratsiya ishlari ahvoli o‘rganilganida majmuada restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani oqibatida uning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.
Mazkur holat bu turdagi huquqbuzarliklarni fosh etish va oldini olish bo‘yicha maxsus bilim va tajriba, shuningdek zamonaviy yondashuv talab etilishini, tergov jarayonlari malakali tergovchilar tomonidan olib borilishi lozimligini ko‘rsatmoqda», deyiladi xabarda.
Mavjud muammolarning qonuniy yechimini belgilash maqsadida «Moddiy-madaniy meros obektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ishlab chiqilgan.
Qonun bilan moddiy-madaniy meros obektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday toifadagi obektlarga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazish, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va taqdimnomalarini belgilangan muddatda va to‘liq bajarilmaganligi yuzasidan javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024