Marokashlik Rayan ismli 5 yashar bola 1 fevral kuni 32 metr chuqurlikdagi quduqqa tushib ketgani ortidan keng ko‘lamli qutqaruv operatsiyasi boshlandi. Quduq tor bo‘lgani sababli qutqaruvchilar bolaning yonigacha borish uchun parallel tunnel qazishdi. Ungacha esa Rayanga suv, ovqat va kislorod niqobi yetkazib berildi. Biroq qutqaruvchilar yetib borganida u jon taslim qildi. Quduqqa qulayotgan vaqtida olgan jarohatlari hamda yer ostida uzoq vaqt qolib ketgani bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Marokash shimolida joylashgan Igran qishlog‘ida Rayan ismli bola 1 fevral kuni 32 metr chuqurlikdagi quduqqa qulab tushadi. Taxminlarga ko‘ra, bola o‘ynab yurgan vaqtida chuqurga tushib ketgan. Rayanning otasi mahalliy ommaviy axborot vositalariga o‘g‘lini bir necha soat davomida qidirgani, so‘ngra uning yer ostiga tushib ketganini bilib qolgani haqida aytgan.
Qutqaruvchilar dastlab bolani qanday qutqarish mumkinligi haqida bosh qotirishdi. Chunki chuqurlik tor bo‘lib, u yerdan katta yoshdagi odamning pastga tushishi imkonsiz edi.
Sodir bo‘lgan voqea Marokash qiroli Muhammad VI’ni ham befarq qoldirmadi. U mutasaddi idoralarga bolani qutqarish uchun barcha choralarni ishga solish haqida topshiriq berib, voqealar rivojini shaxsan o‘zi uzluksiz kuzatib bordi.

1 fevral kuni kechki paytda boshlangan qutqaruv ishlari kun-u tun davom etdi. Dastlabki bosqichda og‘ir texnikalar yordamidan foydalanilgan bo‘lsa, bolaning yonigacha yetib borish uchun qutqaruvchilar 3 metr uzunlikdagi parallel tunnel qazishdi. Operatsiyaning oxirgi qismini qo‘l kuchi bilan bajarishga to‘g‘ri keldi.

Mazkur hududdagi tuproqning tarkibi qutqaruv operatsiyasi qiyinlashishiga sabab bo‘ldi. Qum va tosh qatlamlarning bir-biri bilan o‘rin almashaverishi bir necha bor tuproq o‘pirilishi xavfini yuzaga keltiradi. Qolaversa, qo‘l kuchi yordamida qazilgan tunnel yo‘lidagi ko‘plab toshlar chiqqani qutqaruv ishlari cho‘zilishiga sabab bo‘ladi.















