Bugun, 8 fevral kuni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylandi. Kun.uz mazkur yangilikdan so‘ng mamlakatda qaysi amaldor qaysi sport turiga mas’ul qilib belgilanganiga nazar soldi.
O‘zbekistonda 20dan ziyod sport federatsiyalari (uyushmalari) bor, ularning aksariyatiga taniqli shaxslar raislik qiladi. Ayrim arboblarga sport federatsiyasi raisligidan tashqari qo‘shimcha bir nechta lavozimlar yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston velosport federatsiyasi rahbari hisoblanadi.

2021 yildan boshlab turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Shaxmat federatsiyasiga raislik qilib keladi. U bir vaqtning o‘zida Badminton federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Abduhakimov, shuningdek, Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori hamdir.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Regbi federatsiyasi raisi lavozimida ishlaydi. U federatsiyaga 2017 yildan beri rahbar. Bundan tashqari, taniqli diplomat bugungi kunda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori ham hisoblanadi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Boks federatsiyasi raisi hisoblanadi, u bu lavozimni 2012 yildan beri egallab keladi. Bundan tashqari, Ramatov 2018-2019 yillarda Futbol federatsiyasi raisi ham bo‘lgan.





























