18:32 / 15.02.2022
7888

Tomoshabinlar «Oskar-2022» uchun sevimli filmiga ovoz berishi mumkin 

Twitter ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari 14 fevraldan 3 mart kuniga qadar 2021 yilda suratga olingan  har qanday filmga, «Oskar» mukofotiga nomzod bo‘lishidan qat’i nazar ovoz berishi mumkin.

Foto: Getty Images

Ovoz berishda «OscarsFanFavorite» heshtegidan foydalanish shart. G‘olib film nomi «Oskar-2022» mukofotini topshirish marosimida e’lon qilinadi.

Shuningdek,  Twitter foydalanuvchilari «OscarsCheerMoment» heshtegidan foydalanib, 2021 yilda suratga olingan filmlardagi sevimli lavhalari bilan ham o‘rtoqlashishi mumkin. Eng ommabop sahnalar g‘oliblarning tviti bilan birga taqdirlash marosimida namoyish etiladi.

Bundan tashqari, ovoz berganlardan 5 kishi yil davomida kinoteatrlarga bepul kirish imkoniyatini beruvchi chiptalar, striming servislariga obuna va Kinosan’at akademiyasi qoshidagi muzeydan eksklyuziv suvenirlar bilan taqdirlanadi. Qo‘shimchasiga tashkilotchilar tasodifiy tarzda 3 foydalanuvchini tanlab olishadi. Ular Los-Anjyelesda 27 mart kuni o‘tkaziladigan «Oskar-2022» marosimiga taklif etilib, barcha xarajatlari qoplab beriladi.

Avvalroq, Amerika kinoakademiyasi har yili an’anaviy tarzda topshiriladigan «Oskar» kinomukofotiga nomzodlarni e’lon qilgan edi.

Avstraliyalik rejissyor Jyeyn Kempion tomonidan suratga olingan «Ko‘ppak izmi» (The Power of the Dog) filmi eng ko‘p – 12 ta nominatsiya bo‘yicha, jumladan, «Eng yaxshi film» va «Eng yaxshi rejissyor» sovrinlariga da’vogarlik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarni «Qumtepa» (Dune, 10 ta nominatsiya), «Vessayd qissasi» (West Side Story, 7 ta) va «Belfast» (Belfast , 7 ta) filmlari egallab turibdi.

Shuningdek, eng yaxshi film nominatsiyasi ro‘yxatiga «CODA: Kar ota-ona farzandi» (CODA), «Osmonga qaramang» (Don't Look Up), «Mashinamni boshqar» (Drive My Car), «Qirol Richard» (King Richard), «Qizilmiyali pitssa» (Licorice Pizza), «Dahshat xiyoboni» (Nightmare Alley) filmlari ham kiritilgan.

Mavzuga oid
Top