O‘zbekiston | 11:49 / 19.02.2022
13836
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya MDH davlatlarini migrantlar ustidan qattiq nazorat o‘rnatilishi haqida ogohlantirdi

Rossiya ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy MDHdagi hamkasblarini mehnat muhojirlarini tayyorlash darajasini oshirishga va ularning Rossiyadagi buzg‘unchi jarayonlarga jalb etilishi oldini olishga chaqirdi.

Foto: RIA Novosti / Aleksandr Galperin

Bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ekstremizm va huquq-tartibot tartibini buzganlik uchun migrantlarni chiqarib yuborish haqidagi chaqirig‘idan so‘ng ro‘y berdi.

Rossiya IIV matbuot markazining xabar berishicha, Gorovoy MDHga a’zo davlatlar migratsiya organlari rahbarlari kengashining yig‘ilishini o‘tkazdi.

«Kengash raisi hamkorlar e’tiborini muhojirlarni qabul qiluvchi davlat hududida buzg‘unchi jarayonlarga jalb etilishining oldini olish, migrantlarni mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun o‘z mamlakatini tark etgunga qadar tayyorlash darajasini oshirish zarurligiga qaratdi.

Shuningdek, Gorovoy migratsiya qonunchiligini buzganlik, jumladan noqonuniy mehnat faoliyati uchun chet el fuqarolariga nisbatan qattiq choralar ko‘rilishi, ular Rossiya hududidan chiqarib yuborilishi va qaytib kirishiga taqiq qo‘yilishi to‘g‘risida ogohlantirdi», — deyiladi matbuot markazi xabarida. 

Yig‘ilishda Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va MDH ijroiya qo‘mitasining kengash a’zolari hamda vakolatli vakillari ishtirok etdi. Mehmon va kuzatuvchi sifatida Turkmaniston, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi va Kasaba uyushmalari umumiy konfederatsiyasi vakillari qatnashdi. 

Bundan tashqari, matbuot markazidan xabar qilinishicha, bir kun avval MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ishtirokchi-davlatlari qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

«MDHga a’zo davlatlarda huquqiy holatini aniqlash davrida ushlab turilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha saqlash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyati to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi», — deyiladi IIV axborotida. 

Avvalroq, Rossiya migratsiya qonunchiligini kuchaytirmoqchi ekani, bu jinoyatlar soni ko‘payishi bilan izohlanayotgani xabar qilingandi

Mavzuga oid