Kun.uz’ga Jomboy tumanida faoliyat yuritgan tadbirkor sud qarori bo‘lishiga qaramay, soliqchilar ortiqcha undirgan 1,5 milliard so‘m pulini ololmayotgani haqida gapirib berdi. Tadbirkor Azizxon Nuriddinov taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, soliqchilar uni 3 yildan beri qiynab keladi.
Tadbirkor oxirgi 1 oy ichida ikki marta Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov qabulida bo‘lgan. Eng so‘nggi qabulda viloyat hokimi masalani o‘rganib chiqib, tegishli xulosa qilishni viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘iga topshiradi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Turdimov qabulidagi soliq idorasi vakillari va murojaatchilarga qarata “Adliya qanday xulosa qilsa – o‘sha bo‘ladi” deydi. Oradan ko‘p o‘tmay, Adliya boshqarmasi o‘zi xulosasini viloyat hokimiga taqdim etadi.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchisining A.Yuldashev, A.Nuritdinov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan 17/18-31-sonli jinoyat ishi bo‘yicha 2018 yil 14 iyundagi qarori bilan “Next Farm” va “Nf Next Farm Business” MChJlar faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlangan.
O‘tkazilgan hujjatli taftish natijasida, “Next Farm” MChJga nisbatan
8 mlrd 283 mln so‘m, “Nf Next Farm Business” MChJga nisbatan 778,5 mln so‘m, jami 9 mlrd 62 mln so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlar hisoblangan.
Tekshirish natijasi yuzasidan Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasining 2018 yil 12 sentyabrdagi da’vo arizalariga asosan Jomboy tuman iqtisodiy sudining 2018 yil 10 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan “Next Farm” MChJga nisbatan 19 648,4 mln so‘m miqdorda moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan “Next Farm” MChJni soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish haqida da’vo ariza kiritilgan. Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 23 iyundagi tugatishga doir ish yuritish taomilini tamomlash to‘g‘risidagi ajrimiga asosan “Next Farm” MChJni tugatishga doir ish yuritish taomili tamomlanib, mazkur jamiyat davlat reyestridan chiqarilgan.
“Next Farm” MChJ bankrot deb topilganligi sababli Jomboy tuman davlat soliq inspeksiyasining 2020 yil 26 iyundagi 12-sonli qarori bilan jamiyatning 25 mlrd 288 mln so‘m soliq qarzi va moliyaviy jarima hisobdan chiqarilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hukmi bilan A.Nuritdinov Jinoyat kodeksining 28,179-moddasi, 28,184-moddasi uchinchi qismi, 28,189-moddasi birinchi qismi, 28,190-moddasi ikkinchi qismining “a”, “b”, “v” bandlari, 228-moddasi ikkinchi qismining “a”, “b” bandlari bilan aybli deb topilib, tegishli jazo tayinlangan.
















