Yaponlar dunyo bo‘yicha eng uzoq umr ko‘radigan xalqlardan biri hisoblanadi. 2020 yilgi statistikaga ko‘ra, Yaponiyada o‘rtacha hayot davomiyligi – 84,4 yosh. Bu mamlakatda 100 yoshdan oshganlar ham ko‘p.

Yaponiyada 1960 yillarda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi ancha qisqa – 66,4 yosh bo‘lgan. Ayni mana shu yillardan boshlab mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi uzaya boshlagan. “Yevropa klinik ovqatlanish jurnali” ilmiy nashri buning sabablari haqida maqola e’lon qildi.

Kasalliklar kamayishi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘lim bazasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan yoshga bog‘liq bo‘lgan yurak-ishemik kasalliklari, miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar sabab o‘limlar hamma mamlakatlarda ham yildan yilga kamayib borgan va bu o‘rtacha umr ko‘rsatkichining ham uzayishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Yaponiyada saraton va yurak-ishemik kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi doimiy ravishda past bo‘lgan, biroq g‘arb davlatlariga qaraganda miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklardan o‘lim ko‘proq kuzatilgan. Miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar ham Yaponiyada kamaya boshlagach, 1980 yillarda mamlakat o‘rtacha umr ko‘rish yoshi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Yaponlarning ovqat ratsioni

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, G7 davlatlari (Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh) ichida yaponiyaliklar go‘sht, sut va sut mahsulotlari, shakar va shirinliklar, mevalarni kamroq iste’mol qiladi. Biroq baliq, dengiz mahsulotlari, guruch, soya va choy iste’moli Yaponiyada yuqoriroq.

Foto: Getty Images

Yaponiyada shakar, kartoshka iste’molining kamligi va ko‘k choy iste’molining yuqoriligi semizlik va semizlikka aloqador kasalliklarning kamroq kuzatilishiga ham yordam berayotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, tadqiqotga ko‘ra, yaponlar ovqat ratsioniga turli-tuman mahsulotlarni kiritishgan: don mahsulotlari, sabzavotlar, meva, baliq, sut va shunga o‘xshash. Ayni shu tarzda ovqatlanish ham bu xalqning uzoq umr ko‘rishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillardan bo‘lishi mumkin.