27 fevral kuni Kollektiv G‘arb Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Unda Rossiya Markaziy bankining Yevropa Ittifoqi, AQSh va Kanadadagi aktivlarini muzlatish va mamlakatni SWIFT tizimidan uzish kabi keskin iqtisodiy sanksiyalar ko‘zda tutilgan. Endi Rossiya Markaziy banki rubl barqarorligini saqlab qolish uchun xalqaro zaxiralaridan foydalana olmaydi. Meduza portali iqtisodchi Sergey Guriyev bilan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida intervyu tashkil qildi.

— Yevropa Ittifoqi, AQSh va Kanada Rossiya Markaziy banki zaxiralarini muzlatish haqida e’lon qildi. Aftidan, bu SWIFT tizimidan uzilishdan ko‘ra ham qo‘rqinchliroq. Bu Rossiya uchun qanchalik og‘ir bo‘ladi?

— Bu mutlaqo kutilmagan yangilik bo‘ldi, bunday qaror qabul qilinishi mumkinligini hech kim kutmagan edi. Zaxiralar mavjudligi makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Ertaga valuta bozorida nima bo‘lishini oldindan aytish juda qiyin, chunki zaxiralar muzlatilishi oldin hech qachon sodir bo‘lmagan.

Rubl kursi qanday shakllanishini aytish juda qiyin bo‘lgan davrga kirmoqdamiz. Ehtimol, ertaga kimoshdi savdosi bo‘lmaydi. Ehtimol, vahima ko‘tariladi. Mutlaq ishonch bilan aytish mumkinki, rubl uchun katta zarba berildi.

— Hozirgi vaziyatga Rossiya Markaziy banki zaxiralarining qaysi davlatda saqlanayotgani ham ta’sir ko‘rsatadimi?

— Ha, albatta. Ba’zilar Markaziy bankda oltin va yuanda ham zaxiralar bor, ularni sotish mumkin, deb aytishmoqda. Amerika sanksiyalari juda kuchli mexanizm. Xitoy banklari Rossiya Markaziy bankiga yordam berishni xohlamaydi, chunki AQSh buning uchun ularga qarshi ham sanksiyalar qo‘llashi mumkin. Bu kabi holat oldin sodir bo‘lgan. Xususan, AQSh sanksiya qoidalarini buzgani uchun Fransiyaning BNP Paribas bankini ko‘p milliard dollar jarima to‘lashga majbur qilgan.

Xitoy banklari risk va katta yo‘qotishlar evaziga Rossiyaga yordam berishga tayyor bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman.

Vaziyat mutlaqo noaniq. Markaziy bank zaxiralaridagi oltinni AQSh sanksiyalariga tushib qolish xavfi ostida kim sotib olishni xohlaydi? Amerika Xitoy banklariga Rossiya oltinini sotib olish va Markaziy bankdagi yuanni dollarga almashtirishni taqiqlashi ham mumkin. Rossiya Markaziy banki esa dollar va yevroga juda muhtoj, chunki mamlakat importining katta qismi hali ham Yevropa mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bizga dori-darmon, texnologiyalar, oziq-ovqat sotib olish uchun yuan emas, dollar kerak.