Davlat va jamiyat boshqaruvi, xususan, hokimlikda ayol rahbarlarni ko‘pda ko‘ravermaymiz. Bu borada O‘zbekistonda faqat 2020 yildan hokimlikka ayollarni tayinlash amaliyoti joriy qilina boshlandi. Ayni vaqtda esa O‘zbekistonning 200ga yaqin tuman va shaharlarning 4tasiga ayollar rahbarlik qilmoqda.
Biz ana shunday kam sonli ayol hokimlardan biri, 2021 yil avgustidan buyon Andijon viloyati Bo‘ston tumaniga rahbarlik qilib kelayotgan Sanobar Nosirova bilan suhbatlashdik.
— Hokim bo‘lib tayinlanganingizga, mana, 6 oy bo‘ldi. Hokim bo‘lib ishlash fe’l-atvoringizga ta’sir o‘tkazdimi, bu oilada bilinyaptimi?
— Tuman hokimligiga tayinlanishimdan oldin ham uzoq yillar davlat tashkilotlarida, qolaversa xususiy sektorda o‘zimning korxonalarimda rahbarlik lavozimida faoliyat yuritganman. Shuning uchun bu vazifa meni xarakterimda katta o‘zgarish ro‘y berishiga sabab bo‘lmadi, faqat menda endi jiddiylik va fuqarolarni tinglash xususiyatlari paydo bo‘ldi.
Oilaga ta’sir ko‘rsatishiga keladigan bo‘lsak, mening ikkita qiz farzandim bor, ularni turmushga berganman, o‘g‘lim chet elda o‘qishda. Qaynonam bilan turaman, u kishi ham uzoq yillar rahbar bo‘lib ishlagani uchun meni juda yaxshi tushunadi, ustozlik qiladi. Ishdan kayfiyatim yomon bo‘lib qaytganimda menga dalda bo‘ladi. Qolaversa, hokim sifatida fuqarolarni tinglashni o‘rgandim.

— Hokimlikkacha bo‘lgan hayot yo‘lingiz haqida gapirib bering.
— Men Qo‘rg‘ontepa tumanining Dehqonobod qishlog‘ida hunarmand oilasida tug‘ilganman. Yoshligimdan maktabda faol va lider edim. Maktabni “Oltin medal”ga bitirganim uchun oliy o‘quv yurtiga imtihonsiz, bitta suhbat bilan qabul qilinganman. Andijon paxtachilik institutida komsomol yetakchisi edim; u paytlarda ham a’lo o‘qiganlar uchun xuddi hozirgi Prezident stipendiyasi singari Lenin stipendiyasi berilar edi, o‘sha imtiyoz sohibasi bo‘lganman. O‘sha paytlarda Paxtachilik institutiga kirgan qiz-yigit albatta jamoa xo‘jaligiga (kolxoz) rais, tumanga hokim bo‘lishni orzu qilar edi. Bizni qarindosh-urug‘lar ichida davlat tashkilotlarida ishlagan ko‘p edi. Xolam jamoa xo‘jaligi raisi, ammam tuman XTB rahbari edi. Menda ham rahbar bo‘lishga intilish shundan bo‘lsa kerak. Onam oliy ta’limda ukalarini o‘qitaman deb o‘zi o‘qiy olmagan, oddiy muslima ayol edi. Mening muvaffaqiyatlarimdan quvonar edi.

















