Qayd etilishicha, ko‘p qavatli turar joylarning yerto‘la qismini foydali maydonga aylantirish yuzasidan respublikada amalda bo‘lgan shaharsozlik faoliyati sohasidagi normativ hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi manfaatdor vazirlik va idoralar takliflarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqilgan.
Bosh loyiha institutlari tomonidan 5, 7, 9, 12 va 16 qavatli turar joy binolarining yarim yerto‘la qismida yashash xonadonlarini joylashtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar ishlab chiqildi. Unga muvofiq, barcha turdagi uy-joylar loyihalarida zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng miqyosda foydalanish nazarda tutilgan.
Ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida energiya tejamkor materiallardan foydalanishni nazarda tutuvchi "Energiya tejamkor devorbop to‘suvchi konstruksiyalar. Binolar qurilishida avtoklavli silikatli gazobeton konstruksiyalarini qo‘llash" nomli davlat standarti ishlab chiqildi. Mazkur standart Qurilish vazirligining texnik kengashida muhokamadan o‘tkazilgan.
Qurilish vazirligi saytida uy-joylar qurish davlat maqsadli dasturlari doirasidagi uy-joylar loyihalari, ular dislokatsiyasi (joylashuvi), soni, ishlatiladigan qurilish materiallari, ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi narxi va boshqalarni o‘z ichiga olgan elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi.















