O‘zbekiston | 12:23 / 11.03.2022
17956
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi xonadonda eshak so‘yilayotgani aniqlandi. Uning go‘shti sotish uchun tayyorlangan bo‘lishi ham mumkin

Xonadon ko‘zdan kechirilganda bir bosh eshak so‘yilib suyakdan ajratib qo‘yilgani, hovlida yana 24 bosh eshak borligi ma’lum bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida eshak so‘yilayotgan xonadon tasvirlangan video tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma’lum qilinishicha, 2022 yil 10 mart kuni Koson tuman IIB xodimlari tomonidan tumandagi “Paxtazor” MFYda yashovchi fuqaro B.S. xonadonining xo‘jalik xonalari ko‘zdan kechirilganida bir bosh eshakni so‘yib, go‘shtini suyaklaridan ajratib qo‘ygani, hovlisida esa yana 24 bosh eshak borligi aniqlangan.

Fuqaro B.S.ning yashash xonadonidan olingan lahm go‘shtlar tegishli tartibda viloyat IIB JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash bo‘linmasi, tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Koson tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi tomonidan ashyoviy dalil sifatida olingan go‘sht mahsulotlari laboratoriyada tekshirilganda iste’molga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘lgan. Go‘sht mahsulotlari xolislar ishtirokida yo‘q qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qarshi shahridagi xonadonlardan birida eshak so‘yish bilan shug‘ullangan shaxs ushlangan va uning xonadonida so‘yilgan va tirik holdagi eshaklar borligi aniqlangan edi.

Mavzuga oid