Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatni to‘xtatdi. Rossiyada chiqarilgan Visa va Mastercard kartalaridan chet elda foydalanib bo‘lmaydi, xorijda chiqarilgan kartalar bilan ham Rossiyadagi banklar va terminallarda to‘lov qilish imkonsiz. 10 mart kuni Western Union kompaniyasi ham Rossiya va Belarusdagi faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi.    

Bu esa qaysidir ma’noda  amalda Rossiya moliya tizimi tashqi dunyodan uzilib qolganini anglatadi. Xo‘sh, hozirda Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari qaysi xizmatlardan foydalanib pul o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin. Cheklovlar ularning ham pul o‘tkazmalariga ta’sir qiladimi?

Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi tijorat banklari turli tizimlar bilan o‘zaro shartnomalar imzolashgan. Hamma bank bir xil tizimdan foydalanmaydi.

«Kuni kecha Western Union Rossiyadan chiqib ketayotganini ma’lum qildi. Yana qaysidir sanada boshqa tizim ishlamaymiz, deb chiqib ketishi mumkin. Bizda bu borada umumlashtirilgan ma’lumot yo‘q. Shunga ko‘ra, fuqarolar banklarning o‘zi bilan bog‘lanib, aniq ma’lumot olishi mumkin», deya ta’kidladi Markaziy bank axborot xizmati vakili.

«Ipoteka bank» matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hafta davomida bank tomonidan mijozlarga taqdim qilinadigan 6ta to‘lov tizimlarining barchasi: Western Union, Asia Ekspress, «Zolotaya Korona», Ria, Moneygram, Contact bilan hech qanday uzilishlar kuzatilmagan. Rossiya banklari bilan pul o‘tkazmalari bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Yangi haftadan ba’zi tizimlar bilan uzilishlar bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilinmoqda.

«Hamkorbank» matbuot xizmatiga ko‘ra, «Sberbank onlayn» ilovasi oldin qanday ishlagan bo‘lsa, hozir ham shu zaylda ishlamoqda. Rossiyadagi mehnat migrantlari ushbu ilova orqali «Hamkorbank» chiqargan har qanday ko‘rinishdagi (Uzcard, Humo, Visa v.b) kartaga muammosiz mablag‘ yuborishlari mumkin. Shuningdek, «Zolotaya Korona», Unistream, Contact tizimlaridan foydalanish imkoniyatlari ham mavjud. «Hamkorbank»ning barcha filiallaridan o‘tkazmalarni qabul qilish mumkin.

«Agrobank» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Erkin Qahhorovning so‘zlariga ko‘ra, «Sberbank onlayn» ilovasi orqali bankning Uzcard yoki Humo kartalariga muammolarsiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirsa bo‘ladi. Shuningdek, boshqa banklardan farqli ravishda «Agrobank» mobil ilovasi orqali O‘zbekistondan Rossiyaga ham pul yuborish mumkin.