Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Superprezidentlikdan voz kechish, vakolatlar qisqarishi va yangi viloyatlar. To‘qayev Qozog‘iston xalqiga murojaat yo‘lladi
Qozog‘iston superprezidentlikdan kuchli parlamentli prezident boshqaruvi tizimiga o‘tadi. Bu haqda mamlakat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev xalqqa murojaatida ma’lum qildi.
«Bugun men birinchi navbatda jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda tizimni modernizatsiya qilish dasturini taklif qilaman. Hujjatni ishlab chiqish jarayonida tadqiqotchilarning takliflari o‘rganildi. Umuman olganda, taklif etilayotgan islohotlar jamiyatimizdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarni o‘zida aks ettiradi. Bu, ayniqsa, mamlakat ichidagi fundamental ijtimoiy siljishlar va geosiyosiy keskinliklar fonida muhim ahamiyatga ega», dedi To‘qayev.
Bildirilishicha, mamlakatga taraqqiyotning siyosiy modelini qayta qurish uchun muhim qadamlar kerak.
«Gap birinchi navbatda superprezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga yakuniy o‘tish haqida bormoqda. Bunday tizim hokimiyat institutlarining optimal muvozanatini ta’minlaydi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Bugun tom ma’noda hamma narsa prezidentga qaratilgan va bu noto‘g‘ri. Biz bu amaliyotdan asta-sekin voz kechishimiz kerak. Men uchun har qanday qo‘shimcha kuch va vaziyat ta’siridan ko‘ra davlatning uzoq muddatli manfaatlari muhimroq», dedi Qozog‘iston prezidenti.
To‘qayev prezidentning o‘z vakolatlari davrida partiyaga a’zoligini to‘xtatish majburiyatini qonun bilan belgilashni taklif qildi. Bu norma siyosiy raqobatni kuchaytirishi, barcha partiyalarning rivojlanishi uchun teng sharoitlarni ta’minlashi aytildi.
«Hokimlar va ularning o‘rinbosarlariga partiya bo‘limlarida lavozim egallashlarini qonuniy ravishda taqiqlash kerak. Bunday qarorlar ko‘p qutbli partiya tizimini shakllantirish imkonini beradi», dedi u.
Shuningdek, Qozog‘iston prezidenti yanvar oyi voqealarini tilga olib, vakolatlar haqida gapirdi.
«Fojiali yanvar»ning muhim sabog‘i shundan iboratki, vakolatlarning davlatning eng yuqori mansabdor shaxsi qo‘lida to‘planishi unga yaqin shaxslar va moliyaviy-oligarxik guruhlarning ta’sirini asossiz ravishda kuchaytiradi. Ular davlatni shaxsiy mulk sifatida qabul qiladi.
Davlat rahbari viloyatlar, respublika ahamiyatiga molik shaharlar hokimlarining hujjatlarini bekor qilish yoki to‘xtatib turish huquqiga ega. Bu norma haddan tashqari «qo‘lda boshqarish» amaliyotining ildiz otishiga yordam beradi va mahalliy ijro hokimiyati organlari mustaqilligini pasaytiradi. Qolaversa, hozir prezident tuman, hatto qishloq hokimlarini ham ishdan bo‘shatish huquqiga ega. Bu qonunlarni bekor qilish kerak», dedi u.
Qayd etilishicha, prezidentning ortiqcha vakolatlaridan voz kechish mamlakatdagi siyosiy modernizatsiyani ta’minlaydigan muhim omil bo‘ladi. Taklif etilayotgan tashabbuslar «o‘yin qoidalari»ni tubdan o‘zgartirib, jamiyatni yanada demokratlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratishi aytildi.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘istonda yangi hudud - Abay viloyati tashkil etilishi ham ma’lum qildi. Semey shahri uning ma’muriy markazi bo‘ladi.
Bundan tashqari, Olmaota viloyati ikkiga bo‘linadi - Jyetisu va Olmaota viloyatlariga. Qapshag‘ay Olmaota viloyatining, Taldiqo‘rg‘on esa Jyetisu viloyatining markaziga aylanadi.
To‘qayev Qapshag‘ay shahri nomini Qo‘nayev deb o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirdi. Ma’muriy markazi Jyezqazg‘onda joylashgan Ulitau viloyati ham tashkil etiladi.
Mavzuga oid
20:25 / 10.06.2026
Qozog‘istonda jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari tergovi ayol tergovchilarga topshiriladi
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
14:02 / 09.06.2026
Qozog‘istonda YTHga uchragan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi
00:26 / 08.06.2026