O‘zbekiston | 12:59 / 18.03.2022
8736
3 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlarni litsenziyalash tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Foto: Fotolia

“Sog‘liqni saqlash tizimi asosan kasalliklarni davolashga emas, eng avvalo, ularning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi zarur. Aslida, jahon tibbiyotida kasalliklar profilaktikasi – eng ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

Bu borada, Sirdaryoda boshlangan tajriba, tibbiyot sohasidagi ko‘plab kamchiliklarni ochib berdi. Viloyatdagi tuman va shahar shifoxonalarida turli asab kasalliklari, surunkali bronxit, osteoxondroz kabi dardi bor bemorlar statsionar sharoitda davolanmoqda. Vaholanki, ular tun-u kun shifokor nazoratiga muhtoj emas.

Sirdaryodagi shifoxonalarda yotgan bemorlarning 30-40 foizini ambulator sharoitda davolash mumkin. Bu – kasalxonalarning samarasiz xarajatlarini 40 foizga qisqartirish imkonini beradi. Shuningdek, birlamchi bo‘g‘inda mablag‘larning asosiy qismi ish haqiga sarflanib, tibbiy yordam ko‘rsatishga atigi 10 foizi qolmoqda.

Shu bois, Guliston shahridagi Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi filiali va viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasini, unga tutash yoki atrofida joylashgan 10 ga yaqin tor sohadagi tibbiyot muassasalarini yagona klasterga birlashtirishga qaror qildik. Boshqa hududlarda ham, sog‘liqni saqlash infratuzilmasini puxta o‘rgangan holda, bir yo‘nalishdagi shifoxonalardan voz kechib, mavjud shifoxonalar negizida, ko‘p tarmoqli klinikalar tashkil etiladi.

Bundan buyon tibbiyot tizimi “mablag‘ni bevosita bemorga sarflash” degan tamoyil asosida moliyalashtirishga o‘tiladi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Sirdaryoda tibbiy sug‘urta tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yib, kelgusi yillarda barcha hududlarda joriy etamiz.

Shu bilan birga, butun respublikada amal qiladigan yagona klinik protokollar, ko‘rsatmalar va standartlar ishlab chiqiladi. Tibbiyot sohasida yagona tibbiy ma’lumotlar bazasi, “elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi. Tibbiy-iqtisodiy, statistik va analitik tahlillarni o‘tkazish imkonini beradigan Milliy tizim joriy etiladi.

Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, klinikalarni emas, shifokorlarni litsenziyalash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishimiz kerak.  Bu tizim yo‘lga qo‘yilsa, tibbiyot xodimlarini malaka oshirishga majburiy yuborish talab etilmaydi. Balki, ular o‘z ustida doimiy ishlab, tajribasini oshirishdan o‘zlari bevosita manfaatdor bo‘ladi.
 
Umuman, sohadagi islohotlarni rejali va izchil davom ettirish maqsadida, Jahon banki ekspertlari bilan birga, 1 oktyabrga qadar 7 ta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan sog‘liqni saqlash strategiyasi ishlab chiqiladi”, dedi prezident.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid