Futbol muxlisi yozdayoq qo‘liga kuchli beshlik ligalari taqvimini olganda, albatta, «El-Klasiko»lar qaysi kunlari bo‘lib o‘tishini bir qarab oladi. O‘sha kun keldi. Navro‘z bayramiga o‘tar kechasi «Real» va «Barselona»ning navbatdagi to‘qnashuvini kuzatishimiz mumkin. Desertga esa bugun va erta bizni Rim derbisi va APLdagi ikki qiziqarli uchrashuv ham kutib turibdi.

Darvoqe, ingliz futboli klassika shaydolari uchun ham sovg‘a bor. 70-yillar nafaqat Angliya, balki Yevropada nom qozongan ikki klub – «Nottingem Forest» va «Liverpul» Angliya kubogi chorakfinalida to‘qnash keladilar. Yoqimli ishtaha.

ASTON VILLA – ARSeNAL (19 mart, 17:30)

«Arsenal» o‘tgan turda «Liverpul»dan mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rin uchun asosiy favoritligini saqlab turibdi va asosiy ta’qibchilari «Tottenhem» va «Manchester Yunayted»ni yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha mos ravishda 6 va 7 ochkoga ortda qoldirmoqda. Ammo o‘sha zaxira o‘yinlarda g‘alaba qozonish ham kerakki, bugungi ustunlik amalda ham o‘z isbotini topsin. Keyingi ikki o‘yinni Arteta shogirdlari safarda «Aston Villa» va «Kristal Pelas»ga qarshi o‘tkazadi. Aytish mumkinki, ayniqsa, o‘z maydonida raqibga qiyinchilik tug‘diradigan jamoalar.

Jyerard shogirdlari o‘tgan turda «Vest Hem» maydonida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishsa-da, juda yaxshi sport formasiga kirib olganlar. Undan oldingi uch o‘yinni umumiy 9:0 hisobida g‘alabalar bilan yakunlagan edilar. Buning ustiga «villaliklar» aynan «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda ham yetarlicha munosib harakat qila oladilar. Oxirgi 20 o‘yindan atigi 5tasida g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, masalan, Birminhemda o‘tgan so‘nggi ikki uchrashuvda bir xil – 1:0 hisobida ustun kelishgan. O‘tgan mavsumda esa «Villa» hatto «Emiraytes»da 3:0 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan. Birinchi davradagi o‘yin esa 3:1 hisobida «to‘pchilar»ning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Yana bir qiziq fakt – ushbu jamoalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan oxirgi 13 to‘qnashuvda atigi bir marta durang hisobi qayd etilgan, xolos.

Foto: Getty Images

Tarkiblar borasida har ikki jamoada deyarli yo‘qotishlar yo‘q. O‘tgan turda Lyuka Din uchrashuv boshidayoq jarohat oldi va almashtirilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, himoyachi kamida ikki hafta maydonga tusha olmaydi. Ya’ni milliy jamoalar ishtirokidagi tanaffusdan so‘ng, fransiyalik futbolchini tarkibda ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Mehmonlar safida faqatgina Takehiro Tomiyasuning maydonga tushishi so‘roq ostida. Ammo aytish mumkinki, Sedrik Soaresh tarkibni uning o‘rniga juda yaxshi shaklda to‘ldira olyapti va yaponiyalik himoyachining o‘ynay olmasligi katta yo‘qotish bo‘lmasligi kerak.