Toshkent avtovokzalidan qariyb 300 metrgacha cho‘zilgan yo‘lovchilar oqimini ko‘rish mumkin. Poytaxtdan Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy viloyatlariga yo‘l olgan talabalar, shahrimiz mehmonlari va shu yerda istiqomat qiluvchi aholi vakillarining fikrlari bilan qiziqdik.

Abbos Normurodov, talaba:

“Institutda o‘qiyman. Bayram munosabati bilan uyga qaytyapmiz. Avtobuslarga umuman chipta yo‘q, ikki kun avval chiptalar tugagan, onlayn sotib olishning iloji bo‘lmadi. Bu yerga kelsak, kassada chipta yo‘q, lekin avtobuslar tashqarida 38 minglik yo‘lkira o‘rniga 120-130 mingdan olib ketishyapti. Taksilar ham shunga qarab yo‘lkirani 150 mingga chiqargan. Bu talabalarga og‘irlik qiladi”.

Dilbar Sulaymonova, yo‘lovchi:

“O‘g‘lim Toshkentda yashaydi, mehmonga kelib endi qaytish niyatida edik. Avtobus chiptalari 32-33 mingdan edi. Kelsak 150 mingga chiqib ketibdi, ketolmay turibmiz.

Ketolmay turgan talabalarni juda ko‘p ko‘ryapman. Men-ku mayli, lekin ularga rahmim kelyapti. Qani endi shunaqa bayram kunlari transportlar qatnovi ko‘paytirilsa, hamma bemalol ketardi”.

San’at Shokirov, yo‘lovchi:

“Odam ko‘paygani hisobiga transport yetishmaydi. Bugun yo‘lkira narxlari oshgan, chunki qatnov bir tomonlama – haydovchilar viloyatdan Toshkentga bo‘sh qaytishadi. Bugungi vaziyatda aholining viloyatlarga yetib borishini ta’minlash uchun avtobuslar va poyezd qatnovlari kamligi uchun odamlar taksida ketishga majbur. Bu paytda haydovchilar ham xohlagan narxini qo‘yadi. Chunki 10 kunlik yomg‘irdan keyin yo‘llar ilma-teshik bo‘lib ketgan, balloni yirtilsa yo‘lovchidan undirmaydi. Yo‘lovchi sifatida aytishim mumkinki, hozir haydovchida ham, yo‘lovchida ham ayb yo‘q”.

Sardor Bo‘ronov, yo‘lovchi:

“50 minglik avtobus 150 mingga chiqib ketdi. Bayramlar arafasida doim shunaqa bo‘ladi: yangi yil bayramida, hayit bayramlarida ham. Shunday kunlarda transport sonini ko‘paytirish kerak”.

Taksi haydovchilari fikrini ham eshitib ko‘rishga urinib ko‘rdik. Bayram munosabati bilan berilayotgan dam olish kunlarida yo‘lovchilar ko‘payishini bilgan haydovchilar uzoq viloyatlardan poytaxtgacha yo‘lovchisiz kelishganini aytishdi.