Jahon | 13:04 / 20.03.2022
16034
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada rossiyalik harbiy asirlar uchun lager paydo bo‘ldi - Ukraina bosh prokurori

Asirlikdagi rossiyalik harbiylar soni ma’lum qilindi.

Foto: Getty Images

Ukraina bosh prokurori Irina Venediktova Ukrainada rossiyalik harbiy asirlar uchun lager paydo bo‘lganini ma’lum qildi.

«Ular bor, chunki buni Jyeneva konvensiyasi talab qiladi. <…> Hatto ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat deyarli o‘zimiznikilarga ko‘rsatilayotgan darajada.

Men o‘ta ochiq bo‘lishimizni istayman. Biz xalqaro gumanitar huquq, milliy qonunchiligimiz doirasida harakat qildik va keyinchalik savollar tug‘diradigan birorta chegarani kesib o‘tmadik», — degan u BBC ukrain xizmatiga bergan intervyusida.

19 mart holatiga, Ukrainada rossiyalik harbiylarning 562 nafari asir tushgan. Ukraina hukumati vitse-premeri Irina Vereshchukning aniqlik kiritishicha, bu yakuniy ma’lumotlar emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, asirga tushgan rossiyalik harbiy xizmatchilarning haqiqiy soni mingga yaqin bo‘lishi mumkin.

Ukrainada rossiyalik harbiylar uchun lager tashkil etish g‘oyasi haqida ilk bor mart oyi boshida prezident ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich xabar qilgan, u buni «ko‘p miqdordagi qo‘lga olinganlarni saqlash murakkablashgani» bilan izohlagandi.

Avvalroq Human Righs Watch xalqaro tashkiloti Ukraina rahbariyatiga murojaat qilib, rossiyalik asirlar va ularning shaxsiy ma’lumotlari aks etgan videolarni namoyish etmaslik va tarqatmaslikni so‘ragandi. Huquq faollari bu harbiy xizmatchilarning huquqlari to‘g‘risidagi Jyeneva konvensiyasiga zid ekanini aytishgan. Xususan, ularning haqoratlar yoki omma e’tiboridan himoyalanish huquqi buzilayotgani ta’kidlangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid