Rossiyada 3 milliondan ortiq o‘zbekistonliklar bor. Ularga shuncha oila ko‘z tikib turibdi. So‘nggi oyda bu davlatda kuzatilayotgan siyosiy-iqtisodiy bo‘hronlar shundoq ham qisinib-qimtinib yuradigan vatandoshlarimizni yanada murakkab vaziyatga tushirayotgani bor gap.
Kun.uz bilan suhbatda bo‘lganlar turli soha vakillari. Sovuq va bepoyon o‘lkaning shafqatsiz muhiti ularni ehtiyotkorlikka o‘rgatib qo‘ygan. O‘zaro suhbatlarda ancha nolib gapirsalar-da, omma uchun fikr bildirishga kelganda yo jimib qoladilar yoki shaxslarini sir tutishni ma’qul ko‘radilar.
– Mana, urushning dastlabki oyi yakuniga yetmoqda. Umumiy kayfiyat va hayotingizdagi o‘zgarishlar haqida so‘zlab bering.
Zohid, Samarqanddan, tikuv sexi ishchisi:
– Bu bir oy hayotimda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi, deya olmayman-u, ammo tinchimiz yo‘qoldi. Ertaga nima bo‘larkin degan xavotir bilan yashashga majbur bo‘lib qoldik. Avvalo urush bo‘lmasin ekan, mana shu narsani chuqurroq anglab yetdim. Shu paytgacha ancha xotirjam yurganimizni tushundim.
Sayyora Sobirjonova, klining kompaniyasi xodimi:
– Kayfiyat yomon! Hayotimdagi o‘zgarish – deyarli ishsiz qoldim. Buyurtmalarim keskin kamayib ketdi. Kunim o‘tishi uchun bir-ikki so‘m topib yuribman. Ammo bu qachongacha?
Alisher aka, 47 yosh, Denovdan, ko‘cha supuruvchi:
– Kayfiyat o‘rtacha, yaxshi deb bo‘lmaydi. Hayotimdagi o‘zgarishlar haqida gapirsam – tinch, bexavotir yashashning qadriga endi ko‘proq yetyapmiz. To‘g‘ri, biz ishlayotgan joyda tinchlik, ammo bu voqealarning ta’siri, vahimasi bor. Har kuni Allohdan butun dunyoda tinchlik bo‘lishini so‘rayman. Halovat yo‘qolgan, shu eng katta o‘zgarish.
Salohiddin, Samarqanddan, quruvchi-usta:
– Yaqinda oldin olgan ishimizni tugatdik. Vaziyat darhol o‘z ta’sirini o‘tkazdi shekilli, hozircha yangi ish chiqmayapti. Ishimiz doimiy emas-da...
– Urush boshlangandan keyingi dastlabki maoshingizni olgandirsiz. Aytingchi, o‘tgan oy uyingizga qancha jo‘natgandingiz-u, bu oyda qancha? Ishingizda qanday o‘zgarish bo‘ldi, qisqarish xavfi yo‘qmi?
Zohid:
– O‘tgan oyda uyga 500 dollar yuborgan edim. Bu oy yuborganim yo‘q, oyligimni oldim va o‘zimda saqlab turibman. Ko‘pchilik qatori dollar kursi pastlashini kutyapman. Harqalay shunga umid qilyapmiz, yo‘qsa, uyga 300 ham bormay qoladi. Qisqartirish, ishdan bo‘shatish haqida gap bo‘lmadi. Lekin maosh kamaysa, bularda ham iqtisod ortga ketsa, ertami-kechmi bo‘ladigan narsa bu. Ishimizda o‘zgarish yo‘q, o‘sha-o‘sha maosh, faqat dollarga aylantirilganda barakasi uchdi.









