24 mart kuni holatiga ko‘ra rossiyalik harbiylar Xarkov oblastidagi Izyum shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan. Bu haqda RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilingan.

Vazirlik 24 martga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Ukrainadagi 60 ta harbiy obektga, jumladan ikkita qo‘mondonlik punktiga hujum qilgani, Kiyev yaqinida havo hujumidan mudofaa tizimlaridan 13 tasi yo‘q qilingani va ikkita dron yo‘q qilingani haqida aytgan. Urush boshlanganidan buyon berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, RF Ukrainaning 257 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi, 202 ta zenit-raketa majmualari, 1 572 ta tanki va boshqa turli jangovar mashinalarini yo‘q qilgani aytilgan.

O‘z navbatida, Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov Izyum rayonida janglar davom etayotganini ma’lum qilgan. «Rossiyaliklar hujumni kuchaytirayotgan bo‘lsa-da, Ukraina armiyasi barcha hujumlarni qaytarmoqda, Ukraina qurolli kuchlari Izyum yaqinida ruslarning yana ikkita samolyotini urib tushirdi», — deyiladi uning telegramdagi postida.

Izyum — Xarkov oblastidagi uchinchi yirik shahar hisoblanadi. 2020 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 46 ming kishi yashagan. Urush davrida Izyum og‘ir janglar kechayotgan nuqtalardan biriga aylandi. Shaharning bir qismi butkul vayron bo‘lgani aytiladi.

O‘z navbatida, 23 mart kuni Ukraina harbiylari Kiyev oblastidagi Makarov shahri ustidan nazoratni qaytarib olgan.

«Kun mobaynida, bizning himoyachilarimizning qahramona harakatlari evaziga Makarov ustida Ukraina davlat bayrog‘i o‘rnatildi, dushman uloqtirib tashlandi», deyiladi Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonotida.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda Kiyev oblasti politsiyasi rahbari Andrey Nebitov avtomat ko‘targan va zirhli kiyim kiygan holda aholi punktini aylanib chiqayotgani aks etgan video tarqaldi: kadrlarda shahardagi binolarning ko‘pi qisman yoki to‘liq vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Makarovni shahar aholisining deyarli barchasi tark etgan, shaharda politsiya faoliyati davom etmoqda.

Mariupoldagi vaziyat

Mart oyi boshlarida qamal qilingan va rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilayotgan Mariupolda tinch aholi vakillaridan kamida 100 ming kishi bor. Shaharda janglar davom etmoqda.