Quyida sammitda chiqish qilgan AQSh prezidenti Jo Bayden, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson hamda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg tomonidan yangragan asosiy gaplar keltiriladi.

Bayden: to‘la birdamlik

AQSh prezidenti Jo Bayden Bryusseldagi matbuot anjumanida Rossiyani «Katta yigirmatalik» a’zoligidan chiqarish borasidagi tashabbus tarafdori ekanini aytdi.

«Mening javobim - ha, qarorni - «yigirmatalik» hal qiladi», dedi Bayden jurnalistlar savollariga javob berish chog‘ida.

Bundan tashqari, Bayden agar Rossiyani chiqarib yuborish bo‘yicha bir qarorga kelinmasa, G20 sammitlariga Ukrainani taklif qilish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Men masalani ko‘tardim, agar buning imkoni bo‘lmasa [Rossiyani chiqarish], agar [G20 ga raislik qiluvchi] Indoneziya va boshqalar bunga ko‘nmasa, Ukraina ham bu uchrashuvlarda ishtirok etishi zarur», degan AQSh prezidenti.

Baydenning chiqishi alyansni birlikka chaqirishga bag‘ishlandi.

«Putin NATO bo‘lingan deb o‘ylaydi. Suhbatlarimizda u bizni birdamlik ko‘rsata oladi deb o‘ylamasligi ayon bo‘lgan. U bosqinni boshlayotganida nimani kutgan bo‘lsa, butunlay teskarisini oldi. NATO bugun har qachongidan ko‘ra birdamroq», degan AQSh prezidenti.

Rossiya prezidentini tiyib turish uchun nima qilish kerakligi haqidagi savolga javoban Bayden sanksiyalar samara berishiga umid bildirgan.

«Sanksiyalarni davom ettirish - yanada og‘riqli qilish - bir oydan keyin ham bugun qilayotgan ishimiz to‘g‘riligiga amin bo‘lish. Va bu uni to‘xtatadi», degan u.

Jonson: Ukraina qurolli kuchlariga yanada ko‘proq qurol

Foto: ANADOLU AGENCY

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘zi ishtirokidagi matbuot anjumanida NATO mamlakatlari Ukrainani Rossiya bosqinidan himoyalanish uchun «kerakli sifatda va kerakli miqdorda» qurol bilan ta’minlash qiyin bo‘lishini tan oldi.

Jonson Britaniya va uning vaziyat bo‘yicha baholariga qo‘shilgan NATOdagi ittifoqchilar Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmini oshirishiga va’da berdi. Birlashgan Qirollik Ukraina qurolli kuchlariga yana 6000 ta tankka qarshi raketalar va boshqa qurollar yetkazib berishi ma’lum qilindi.