Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukni xorijda o‘z vatandoshlari tomonidan ikki marta sotilgan vatandosh qiz taqdiri haqida hikoya qiladi.

“Uch kun avval Turkiyadan qaytib keldim. 22 kun u yerda bo‘lgan bo‘lsam-da boshimdan shunchalik ko‘p narsa o‘tdiki, bularni aytib bermasam bo‘lmaydi”. Elektron manzilga yo‘llangan bu maktub egasining hikoyasi qiziqish va hayrat uyg‘otib, u bilan ko‘rishishga qaror qildik.

Hikoya qahramoni va yana bir nechta qiz suhbatimizdan bir necha kun avval “O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati” orqali Turkiyadan O‘zbekistonga olib kelingan edi.

***

Oyog‘imdagi nuqson sabab o‘zimni to‘laqonli insonlar safida ko‘ra olmaganman

Yoshim 22 da. Oilada uch farzandning to‘ng‘ichiman, mendan keyingi singlimni uzatganmiz, ukam bor. Oilaviy sharoitimizni unchalik yaxshi deb bo‘lmaydi. Otam ustachilik bilan shug‘ullanadi, onam uy bekasi, o‘zim 350 ming nogironlik nafaqasi olaman.

Yoshlikdan sog‘ligimda ozgina aybim bor – bir oyog‘imda biroz oqsash bo‘lgani uchun 2-guruh nogironiman. Shu sababli bolaligimdan nuqsonimdan uyalaman. Oilamizda ham bu kamchiligim bilan turmushga chiqa olmasligim haqida gapiriladi. Shuning uchunmi, o‘zimni boshqalar kabi erkin his qila olmayman. Orzularim juda ko‘p edi: o‘qishni, ishlashni, o‘z hayotimni qurishni va o‘z o‘rnimga ega bo‘lishni istardim. Lekin orzularning amalga oshishi ishonchga, qat’iyatga ham bog‘liq ekan.

Bizda shunday qadriyat borki, opasidan avval singil turmushga uzatilsa, bo‘ldi tamom, shu bilan opaning qandaydir “aybi” borligiga hukm chiqariladi.

Iztiroblarimdan foydalangan yigitga ishonib, aldandim

O‘zimni shunday sanab yurgan vaqtda hayotimda bir yigit paydo bo‘ldi: uylangan, ammo ajrashgan edi. Menday nogiron, ustiga ustak “o‘tirib qolgan” qizga boshqa kim ham teng bo‘lishini o‘ylab u bilan gaplashdim. Oqibatda boshimga tushajak savdolarni bilsam edi, bugun bu holga tushmasmidim...

Hamma iztiroblarim haqida bilgan yigit bundan unumli foydalandi – men uning so‘zlariga ishonib aldandim. Endi bir tashvishim ustiga ming tashvish qo‘shildi. Bu haqda xabar topgan yaqinlarim g‘alva ko‘tarishdi, meni buzuqdan olib, buzuqqa solishdi. Menga nisbatan hammaning munosabati shu qadar yomon ediki, o‘z ota-onam ham menga nafrat ko‘zi bilan qarashardi.