Ayni vaqtda 69 yoshda bo‘lgan Imron Xon - o‘tmishda taniqli kriket o‘yinchisi bo‘lgan. U 1996 yilda «Tehrik-i-Insaf» partiyasini tuzgach, respublikadagi eng mashhur siyosatchilardan biriga aylandi. U 2018 yildan buyon Pokistonga bosh vazirlik qilib kelayotgandi. U korrupsiya ustidan g‘alaba qozonish va mamlakatni iqtisodiy inqirozdan olib chiqishni va’da qilgandi, ammo endi pokistonliklar u va’dalarini bajara olmadi, deb hisoblamoqda.
Xon bir necha bor muxolifatchi partiyalar uning hokimiyatdan chetlatilishi uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilayotganini aytgandi. Xususan, uning Xitoy va Rossiya bilan yaxshi munosabatlarini ma’qullamagan AQSh uni hokimiyatdan mahrum etishga urinayotganini ta’kidlagan. Amerika hukumati buni asossiz ayblov deb hisoblaydi, bosh vazirning o‘zi ham bu da’volari uchun biror ishonchli dalil keltirmagan.
Xon Rossiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. U 23 fevral kuni, Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari ancha keskinlashgan pallada Moskvaga tashrifini amalga oshirgandi. Uning Rossiya poytaxtiga safarining ikkinchi kuni esa Rossiya harbiylari Ukrainaga bostirib kirishni va Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishni boshlagan 24 fevralga to‘g‘ri kelgandi.

Avvalroq Imron Xon AQShning sobiq prezidentlaridan kichik Jorj Bushni «terrorga qarshi urushi» uchun qoralagandi.
Armiya qo‘llamadi
Xon Pokiston tarixida parlament ishonchsizlik bildirishi ortidan hokimiyatdan chetlatilgan ilk bosh vazir bo‘ldi.
Ovoz berish jarayoni boshlanishidan oldinroq u o‘z iste’fosini tan olmasligi, chunki bundan oldinroq u parlamentni tarqatib yuborganini aytgan.
U 3 aprel kuni, o‘zini hokimiyatdan chetlatishga urinishlar boshlanganida Milliy Assambleyani (parlament quyi palatasi) tarqatib yuborish taklifini bergan va prezident tegishli qarorni imzolagandi. Xon bu qarorni muxolifatchi deputatlar boshqa davlatlar ta’siri ostida ishlayotgani, bu esa konstitutsiyaga zidligini aytgandi. Ammo muxolifatchilar Pokiston Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qildi, sud esa parlamentning tarqatib yuborilishini noqonuniy deb topdi.
«Bosh vazirning prezidentga Milliy assambleyani tarqatib yuborishni maslahat berishga haqqi yo‘q edi. Shu paytgacha qabul qilingan barcha qarorlar bekor qilindi», deyiladi sud qarorida.















