Yaqinda e’lon qilingan maqolamizda o‘zbekistonlik 568 ming xotin-qiz xorijda mehnat qilib oilasini boqayotgani, ular ishlayotgan asosiy davlatlar, O‘zbekistonga qaytganlaridan so‘ng bunday xotin-qizlarning ehtiyojlari so‘rovnoma asosida aniqlanib, yordam ko‘rsatilishi haqida ma’lumot bergandik.
Davlat tomonidan turli xil ko‘rinishda ijtimoiy himoyalar bor. Bular haqida ko‘p va xo‘p gapiriladi. Bunday yordamlar orasida xorijda ishlab qaytganlar uchun alohida dasturlar bor. Xo‘sh, ular haqidagi raqamlar qanchalik asosli, ko‘rsatilayotgan yordamlar O‘zbekiston Respublikasida egalariga yetib boryaptimi?
Ro‘yxat va real hayot farq qilgan keyslar
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, xorijda ishlab qaytgan migrant xotin-qizlar bilan ishlashning xonadonbay tizimi mavjud. Unga ko‘ra, so‘rovnoma asosida chetdan qaytgan migrantning ehtiyoji o‘rganilib, bo‘sh ish o‘rni, kasbga yoki tadbirkorlikka o‘qitish, subsidiya taklif qilinadi.
Agentlikdan xorijda ishlab qaytib, O‘zbekistonda o‘z yo‘nalishini topgan xotin-qizlar bilan bog‘lanish uchun ularning kontaktlarini oldik.
Kun.uz’ga berilgan ro‘yxatga 6 nafar ayol kiritilgan bo‘lib, jadval “Xorijda ishlab qaytib kelgan xotin-qizlar orasida davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlarga ega bo‘lgan va o‘z tadbirkorligini boshlaganlar ro‘yxati” deb ataladi.
Ro‘yxat bo‘yicha 1-raqamda Karimova Shirin (ism-familiya o‘zgartirilgan).
U 2020 yilda Janubiy Koreyadan qaytgani, Agrobank Sardoba tuman filialidan 200 mln so‘m imtiyozli subsidiya ajratilgani, bu pulga tuman markazida bolalar dam olish parki tashkil etgani yozilgan.
Ammo, ro‘yxatda ko‘rsatilgan telefon raqamiga amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqni ayolning qizi ko‘tardi, onasi yaqinda Rossiyaga ishlashga ketganini aytdi. Uning aytishicha, onasi haqiqatan tadbirkorlik boshlash uchun imtiyozli kredit olib parkda ish boshlagan, biroq parkni yuritishni xolasiga qoldirib, yaqinda Rossiyaga ishlashga ketgan. Park bu mavsumda hali ishga tushirilgani yo‘q, havolar endi isigani sabab bir necha kun ichida ishga tushiriladi.
2-raqamda – Hotamova Malika (ism-familiya o‘zgartirilgan).









