Angliyada «Uembli» finali yo‘lidagi so‘nggi to‘qnashuvlar, Italiyada chempionlik poygasi, Fransiya va Ispaniyada esa peshqadamlar uchrashuvi. Yevropa e’tiborimizga shiddatli bahslarni havola qilishda davom etmoqda. Bugun esa Toshkent vaqti bilan iftor paytida APLda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan uch jamoa deyarli bir paytda sirtdan raqobatga kirishadilar. Yoqimli ishtaha.

16 aprel (shanba)

Angliya kubogi. Yarimfinal

MANCheSTeR SITI – LIVeRPUL

O‘yin boshlanish vaqti: 19:30

«Liverpul» so‘nggi yillarda APL va Chempionlar Ligasida doimiy favorit bo‘lib kelayotgan bo‘lsa-da, ushbu mavsumdan Klopp jamoasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Endi liverpulliklar o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda g‘oliblik uchun kurashni boshladi. Esingizda bo‘lsa, avvallari Angliya kubogi yoki Liga kubogi kabi musobaqalarda jamoa ilk bosqichlardayoq mag‘lubiyatga uchrardi. «Liverpul» Liga kubogini qo‘lga kiritdi, endi esa Angliya kubogi finaliga chiqish uchun «Manchester Siti»ga qarshi bahs olib boradi.

So‘nggi yillarda klassikaga aylanib borayotgan Pep – Klopp raqobati haqida yetarlicha gapirilmoqda, hatto o‘z vaqtidagi Fergyuson – Venger qarama-qarshiligiga solishtirayotganlar bor. Albatta, futbol nuqtai nazaridan bu ikki murabbiyning maydondagi raqobati o‘ta yuqori darajada, lekin avvalgi murabbiylar bu raqiblikni maydondan tashqariga ham ko‘chira olishardi, hayajon va intriga butun mavsum davomida, matbuot anjumanlarida ham ro‘y berardi. Pep ham, Klopp ham bir-biriga nisbatan o‘ta do‘stona munosabatni saqlab qolishyaptiki, ushbu raqobatni Venger va Fergyuson yoki Pep va Mourino ziddiyatlariga solishtirish qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Nima bo‘lgandayam, ayni damda Yevropaning eng kuchli deb hisoblanayotgan bu ikki jamoasi bir oy ichida uchta yirik sovrin uchun bahs olib borishadi. APLdagi raqobat so‘nggi turlargacha davom etishi shubhasiz, Chempionlar Ligasida esa finalda to‘qnash kelish mumkin. Undan oldin esa dunyoning eng qo‘hna turniri sanalgan Angliya kubogi yarimfinali, «Uembli» kutib turibdi.

Foto: Getty Images

Jamoalar holatini tilga oladigan bo‘lsak, manchesterliklar Madridda «Atletiko»ga qarshi juda qiyin bahsni o‘tkazdilar. Simeone shogirdlariga qarshi har qanday o‘yin juda katta jismoniy kuchni olishi turgan gap. Shu tomondan, «Benfika»ga qarshi birinchi uchrashuvdayoq masalani deyarli hal qilgan va javob o‘yinida Trent, Roberson, Van Deyk, Alkantara, Saloh, Mane, Fabino kabi yetakchilarga dam bergan «Liverpul» ancha yaxshi holatda bo‘lishi turgan gap. Ammo tanganing ikkinchi tomoniyam bor – Klopp shogirdlari uch kun o‘tib APL doirasida «Manchester Yunayted»ga qarshi maydonga tushadilar. Bir necha turnirning hal qiluvchi pallasida liverpulliklar o‘zlarini qanday tutishlari rostanam qiziq.