Rossiya va Ukraina hukumati nimalar degan
Rossiya «Donbass uchun jang boshlagani» haqida Zelenskiy har kuni kechasi qiladigan videomurojaatida aytgan. «Rossiya qo‘shinlarining salmoqli qismi u yerda hujumga o‘tish uchun to‘plangan. Ular u yerga qancha harbiy olib kelmasin, biz himoyalanamiz. Kurashamiz. Ukrainaning hech narsasini berib qo‘ymaymiz», degan u.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov India Today telekanaliga bergan intervyusida Ukrainaga qarshi «maxsus amaliyot»ning navbatdagi fazasi boshlanganini ma’lum qildi. «Ushbu amaliyot davom etmoqda. Hozirda amaliyotning navbatdagi fazasi boshlanmoqda. Ishonchim komilki, bu butun maxsus amaliyot uchun muhim lahza bo‘ladi», degan u. Lavrov maxsus amaliyot «Donetsk va Lugansk Respublikalarini to‘liq ozod etish»ga qaratilganini ta’kidladi.
Rossiya hukumati bungacha ham asosiy e’tibor Donbassga qaratilishi haqida aytib kelayotgandi. Bu haqda Ukraina hukumati va g‘arblik ekspertlar ham ogohlantirgan.
Seshanba kuni so‘nggi uch hafta ichida ilk bor ko‘rinish bergan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi urushning borishi haqida gapirdi, ammo u o‘z chiqishida yangi faza boshlangani haqida eslab o‘tmagan. Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni «ozod qilish rejasini izchil amalga oshirayotgani», AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari esa urush «maksimal darajada cho‘zilishi» uchun hamma ishni qilayotganini aytgan.
Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov jurnalistlarning Lavrov aytgan «maxsus amaliyotning yangi fazasi» deb nimani nazarda tutgani borasidagi savoliga izoh bermadi va buni mudofaa vazirligidan so‘rash kerakligini aytdi.
Ukraina sharqida nimalar bo‘lmoqda?
19 aprel tongida Ukraina mudofaa vazirligi mamlakat sharqidagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni Rossiyaning markaziy va sharqiy regionlaridan Ukrainaga qurollar va harbiy texnikalarni olib kelishda davom etmoqda. Shuningdek, rossiyalik harbiylar Donetsk va Tavr yo‘nalishlarida butun tutashuv chizig‘i bo‘ylab harakatlarni faollashtirgani qayd etilgan.
«Raqibning asosiy sa’y-harakatlari bizning harbiylarning Lugansk va Donetsk oblastlaridagi mudofaa chiziqlarini yorib o‘tishga, shuningdek Mariupol shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga qaratilgan», deyilgan vazirlik hisobotida. Unda shuningdek, rossiyalik harbiylar Zaporojye oblastining ham ayrim hududlarida o‘z bo‘linmalarini jamlayotgani keltirilgan.










